Papaga oʻpka saratoni operatsiyasidan keyin qoʻshimcha davolanish talab etilmaydi
Test natijalari uning tashxisi lokalizatsiya qilingan oʻpka adenokartsinomasi ekanini tasdiqladi.

Papa Lev XIV oʻpkasidagi saraton oʻsimtasini olib tashlash boʻyicha operatsiyadan soʻng hech qanday qoʻshimcha davolanishga muhtoj emas, deb bildirdi uning shifokorlari.
Vatikan bayonotiga koʻra, operatsiya paytida olingan toʻqimalar boʻyicha oʻtkazilgan tekshiruvlar oʻpka adenokartsinomasi boʻyicha boshlangʻich tashxisni tasdiqladi va kasallik mahalliy xususiyatga ega ekanini koʻrsatdi.
«Keyingi onkologik tekshiruv hech qanday qoʻshimcha davolanish talab etilmasligini tasdiqladi», — deyiladi bayonotda.
71 yoshli pontifik operatsiyadan toʻrt kun oʻtib, dam olish kunlari Rimdagi Jemelli shifoxonasini tark etdi va hududdan chiqib ketayotib, oʻziga ezgu tilaklar bildirganlar bilan suhbatlashish uchun toʻxtadi.
Ushbu yangilik u shifoxonani tark etganidan beri chorshanba kuni Muqaddas Pyotr maydonida oʻtkazilgan ilk haftalik umumiy audiyentsiyasi vaqtida maʼlum boʻldi.
13 oktyabr kuni oʻtkazilgan 90 daqiqalik operatsiya Papaning oʻng oʻpkasi pastki boʻlagini olib tashlashni oʻz ichiga olgan edi.
Pontifik haftalik yakshanba namozi chogʻida Muqaddas Pyotr maydonidagilarga shifokorlar uning oʻpkasida tuguncha aniqlashganini aytib, ushbu muolajani boshdan kechirishini eʼlon qilgan edi.
Oʻshanda u bu holat «erta bosqichda» aniqlanganini aytgan edi.
Oʻsha kuni Vatikan uning Rossiya tomonidan qamal qilingan va egallab olingan Ukrainaning Oleshki shahriga oziq-ovqat yordami yetkazilishi uchun oʻt ochishni toʻxtatishga chaqirish, shuningdek, «muloqot va tinchlik»ka undash maqsadida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali gaplashganini maʼlum qildi.
Pontifik dushanba kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan ham shunga oʻxshash telefon muloqoti oʻtkazdi.
Papaga yaqin manbalar, shuningdek, u noyabr oyi boshiga rejalashtirilgan Lotin Amerikasiga safarini qoldirmaslikka qatʼiy qaror qilganini ilgari aytishgan edi.

