Iqtisodiyot

“Palov indeksi”: O‘zbekistonda osh tayyorlash bir yil ichida qanchaga qimmatlashdi?

2025-yilning iyul oyidan 2026-yilning iyul oyigacha bo‘lgan davrda osh pishirish uchun kerak bo‘ladigan masalliqlar qiymati hududlar kesimida 7 foizdan 10 foizgacha oshdi. Eng ko‘p narx ko‘tarilishi Xorazm, Andijon va Buxoro viloyatlarida kuzatilgan. Xususan, o‘tgan yilning iyul oyida Xorazmda  1 kilo osh damlash uchun 106 ming so‘mlik bozorlik qilish kerak edi, bu yil mazkur ko‘rsatkich qariyb 118 ming so‘mga yetgan.

"Palov indeksi": O‘zbekistonda bir yilda osh tayyorlash xarajati qanchaga oshdi?

Milliy statistika qo‘mitasi har oy yakunida hududlar bo‘yicha 1 kg palov tayyorlash uchun zarur bo‘lgan masalliqlarning o‘rtacha narxlarini e’lon qilib boradi. Kun.uz ushbu ma’lumotlarga tayanib, o‘zbekistonliklarning asosiy milliy taomi bo‘lmish palov tayyorlash narxlarining o‘zgarishini tahlil qildi.

Iyul oyi yakunlariga ko‘ra, Toshkent shahrida 1 kg palov tayyorlash uchun 128 730 so‘mlik xarid qilish kerak bo‘ladi. Farg‘onada ham masalliqlarning qiymati boshqa hududlarga nisbatan yuqoriroq bo‘lib, 125 283 so‘mni tashkil etadi. Qoraqalpog‘istonda esa 1 kg osh damlash eng arzon – 107 396 so‘mga tushadi.

Bu narxlar 8 ta mahsulotni o‘z ichiga oladi: 0,7 kg mol go‘shti, 1 kg lazer guruch, 0,3 l kungaboqar yog‘i, 1 kg sabzi, 300 g piyoz, 100 g no‘xat, 10 g zira va 20 g osh tuzi.

2025-yilning iyul oyidan 2026-yilning iyul oyigacha "palov indeksi" quyidagicha o‘zgargan:

**Statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida Kun.uz hisob-kitoblari**

Ma’lum bo‘lishicha, 2025-yilning iyul oyidan 2026-yilning iyul oyigacha osh uchun masalliqlarning narxi Xorazm va Andijon viloyatlarida 10 foizdan ko‘proqqa, Buxoro viloyati va Toshkent shahrida esa 9 foizdan ko‘proqqa oshgan. Samarqand, Toshkent, Sirdaryo, Qashqadaryo va Jizzaxda "palov inflyatsiyasi" 7 foizni tashkil etgan.

Ma’lumot uchun, Statistika qo‘mitasi 2026-yil iyul oyi yakunlari bo‘yicha O‘zbekistondagi inflyatsiya darajasini 6,4 foiz deb e’lon qildi. Xususan, yillik nisbatda oziq-ovqat mahsulotlarining oshishi ham 6,4 foizni tashkil qilgan. E’tiborli jihati, deyarli barcha hududlarda palov narxining oshishi rasmiy oziq-ovqat mahsulotlari inflyatsiyasidan yuqori bo‘lgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.