Dunyo

Oʻzbekistonlik shaxs AQShdagi dorixonalar bilan bogʻliq firibgarlikda va uch million dollarni oʻzlashtirishda ayblandi

Oʻzbekistonlik shaxs AQShda dorixonalar bilan bogʻliq firibgarlikda va uch million dollarni oʻzlashtirishda gumonlanmoqda

AQShning Nyu-York shtati, Nassau okrugida davlat va xususiy sugʻurta kompaniyalaridan noqonuniy ravishda pul olingan soxta dorixonalar bilan bogʻliq yirik sxema boʻyicha tergov olib borilmoqda. Gumonlanuvchilar orasida oʻzbekistonlik Bahodir Mirodimov ham bor. Politsiya maʼlumotlariga koʻra, u bor-yoʻgʻi 31 kun ichida uch million dollarga yaqin pulni olib chiqib ketgan va mamlakatni tark etgan.

Xabar qilinishicha, tergovchilar bir nechta «soxta dorixonalar»ni aniqlashgan — ular qogʻozda mavjud boʻlgan, qimmatbaho dori-darmonlar uchun hisob-varaqlar taqdim etgan, ammo amalda bemorlarga preparatlarni bermagan kompaniyalardir.

Soxta dorixonalar Jeriko-Ternpayk va Gay Lombardo koʻchasida roʻyxatdan oʻtkazilgan. Ichki ishlar organlarining taʼkidlashicha, ushbu manzillarda roʻyxatga olingan kompaniyalar orqali OIV va onkologik kasalliklarni davolash uchun moʻljallangan preparatlarga hisob-varaqlar chiqarilgan. Toʻlovlar Medicaid va Medicare dasturlaridan, shuningdek, xususiy sugʻurta kompaniyalaridan talab qilingan.

Bunda soxta retseptlarni rasmiylashtirish uchun shifokorlar va bemorlarning oʻgʻirlangan shaxsiy maʼlumotlaridan foydalanilgan.

Ikkinchi gumonlanuvchi sifatida Kurdiston fuqarosi Abdilakim Berdiqulov aytilmoqda. Politsiya maʼlumotlariga koʻra, u besh million dollarga yaqin pul olgan. Tergovchilar hozircha bu ikki erkak oʻrtasida aloqa bor-yo'qligini aniqlamagan. Huquq-tartibot idoralari bu kabi sxemalar boshqa soxta dorixonalar orqali ham amalga oshirilayotgan boʻlishi mumkin deb hisoblamoqda.

Politsiya maʼlum qilishicha, ikkala erkak ham Nyu-York shtatining haydovchilik guvohnomasini olishgan va ulardan kompaniyalarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun foydalanishgan. Hozirda gumonlanuvchilar AQShdan tashqarida boʻlib turishibdi.

Okrug rasmiylari firibgarlikda ishtirok etgan deb taxmin qilinayotgan kompaniyalarga nisbatan ogʻir jinoyatlar sodir etganlik ayblovini ilgari surdi. Tergovga federal tuzilmalar ham jalb qilindi.

Nassau okrugi prokurori Enn Donnellining taʼkidlashicha, bu kabi firibgarliklar nafaqat sugʻurta dasturlariga va soliq toʻlovchilarga zarar yetkazadi, balki barcha fuqarolar uchun tibbiy yordam xarajatlarini oshiradi. Tergov davom etmoqda.

Oldinroq AQShda ogʻirlashtiruvchi holatlarda hujum qilish va talonchilik uchun sudlangan Oʻzbekiston fuqarosi Sardor Tirkashev qoʻlga olingan edi. Oq uy uni AQSh hokimiyati jamiyat uchun xavfli deb hisoblaydigan qoʻlga olingan migrantlar roʻyxatiga kiritgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.