Oʻzbekistonga kirib kelayotgan kimyoviy va biologik preparatlar tekshirilyaptimi? – biolog bilan suhbat
Oʻsimliklarga borgan sayin koʻproq kimyoviy va biologik preparatlar ishlatilyapti. Buning oqibati nima boʻladi, Yaratganga ayon

Oʻzbekistonga kirib kelayotgan kimyoviy va biologik preparatlar tekshirilyaptimi? – biolog bilan suhbat
Oʻsimliklarga tobora koʻproq kimyoviy va biologik preparatlar qoʻllanmoqda. Buning qanday oqibatlarga olib kelishi Yaratganga ayon. Ammo siz-u biz bir savolni berishga haqlimiz: mamlakatga kirib kelayotgan moddalar tekshirilyaptimi? Zararlarni kamaytirish uchun yetarli choralar koʻrilayaptimi? Xatarlar baholanayaptimi? Shu masalada biologiya fanlari doktori Baxtiyor Rasulovga savollar bilan murojaat qildik.
: Oʻzbekistonga chetdan kirib kelayotgan, oʻsimliklarga ishlatiladigan preparatlar yetarli darajada tekshiruvdan oʻtyaptimi?
Avvalo shuni aytish kerakki, bu mavzuda gapirish, keng jamoatchilik va masʼul idoralarga bugun kechayotgan jarayon haqida maʼlumot yetkazish zarur. Siz savolni toʻgʻri qoʻydingiz, chunki soʻnggi paytlarda Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligida qoʻllanayotgan kimyoviy vositalar juda koʻpayib ketdi.
Qishloq xoʻjaligida keng ishlatilayotgan vositalarni shartli ravishda ikki guruhga ajratish mumkin: kimyoviy va biologik vositalar. Kimyoviy vositalar — taʼsir etuvchi moddasi kimyoviy tabiatga ega boʻlgan preparatlar. Ular fungitsidlar, insektitsidlar, gerbitsidlarni oʻz ichiga oladi. Biologik vositalar esa taʼsir etuvchi moddasi tirik hujayraga asoslangan vositalardir. Bular koʻproq biologik oʻgʻitlar, biopreparatlar, biofungitsidlar kabi preparatlarni qamrab oladi. Har ikki tur uchun alohida talablar mavjud.
Avvalo, chetdan olib kelinayotgan kimyoviy vositaning asosiy taʼsir etuvchi moddasi aniqlanishi kerak. Masalan, preparat tarkibida A modda bor, deyilsa, Oʻzbekistondagi masʼul laboratoriya buni tekshirib, tasdiqlaganidan keyingina keyingi sinovlarga ruxsat beriladi. Aksariyat hollarda tarkib haqidagi maʼlumotni ishlab chiqaruvchi firma yoki kompaniyaning oʻzi toʻldirib beradi. Biz ishonch hosil qilish uchun uni laboratoriyada tegishli asbob-uskunalarda tekshirib olishimiz kerak. Buning qiyin joyi yoʻq. Ilmiy-tadqiqot institutlarida kimyoviy, xususan, organik moddalarni aniqlashning barcha usullari oʻzlashtirilgan. Ammo moddalarni roʻyxatga oluvchi idoralarimizda bu ishlar qilinadimi, yoʻqmi — menga qorongʻi.
Har qanday preparat kiritilayotganda uni tekshirishimiz kerakligi qoidaga kiritilganmi?

