Oʻzbekistonda sanʼatning yangi davri boshlanyaptimi?
Sanʼatda texnologiyalar tobora katta rol oʻynamoqda. Bugun sunʼiy intellekt yordamida film, musiqa, tasviriy sanʼat va boshqa ijodiy mahsulotlarni yaratish mumkin.

Oʻzbekistonda sanʼatning yangi davri boshlanyaptimi?
Oʻzbekistonda ham bu yoʻnalishda yangi qadam qoʻyildi. Prezidentning PF–103-son farmoni doirasida Raqamli sanʼat ijodiy birlashmasi tashkil etildi.
Birlashmaning asosiy vazifalaridan biri — sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalarni sanʼat hamda madaniyatga olib kirish, yangi ijodiy yoʻnalishlarni rivojlantirish va yosh isteʼdodlarni qoʻllab-quvvatlash.
Birlashmaning ijodiy rahbari etib taniqli klipmeyker va madaniyat vaziri maslahatchisi Rauf Nabiyev tayinlandi. Kasbiy taʼlim agentligi rahbari Azimjon Husanov hamrahbar sifatida, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov esa vazirlik tomonidan masʼul sifatida jarayonlarda ishtirok etmoqda.
Bu yerda faqat ijod bilan cheklanib qolinmaydi. Birlashma qoshida Raqamli tadqiqotlar markazi ham tashkil etilmoqda.
Markaz sanʼat va madaniyatdagi muammolarni oʻrganadi, ularni raqamlashtirish va sunʼiy intellekt yordamida hal qilish imkoniyatlarini izlaydi. Yaʼni yangi texnologiyalar shunchaki qoʻllanmaydi, balki ular boʻyicha tadqiqotlar ham olib boriladi.
Yana bir muhim yoʻnalish — yoshlar uchun zamonaviy texnologiyalar boʻyicha bepul taʼlim yaratish.
Bu jarayonda yosh isteʼdodlarni aniqlash, ularni real loyihalarga jalb qilish va professional portfolio shakllantirishga eʼtibor qaratiladi. Keyinchalik iqtidorli yoshlarni xalqaro loyihalarga olib chiqish va zamonaviy kasblarga yoʻnaltirish rejalashtirilgan.
Buyuk Britaniyada namoyish etiladigan sunʼiy intellekt filmlarini yaratish va taqdim etish boʻyicha Londondagi Cambridge Muslim College dekani Shayx Abdul Hakim Murad (Tim Winter) hamda Dr Belal Alabbas bilan hamkorlikka asos solingan. Hozir bu yoʻnalishdagi ishlar amaliy bosqichda davom etmoqda.
Birlashgan Arab Amirliklarida esa AKSUM holding rahbari Ulugʻbek Maksumov bilan xalqaro darajadagi sunʼiy intellekt filmi yaratish boʻyicha kelishuv imzolangan. Loyiha ustidagi ishlar allaqachon boshlangan.
Demak, gap faqat yangi bir tashkilot tuzilganida emas. Maqsad — sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalarni Oʻzbekiston sanʼatiga olib kirish, yoshlarni bu yoʻnalishga tayyorlash va mahalliy ijodiy loyihalarni xalqaro maydonga olib chiqish.

