Oʻzbekistonda import eksportdan 11,6 mlrd dollarga oshdi
Oʻzbekistonning tashqi savdo aylanmasi 2026-yil yanvar–avgust oylarida 57,4 mlrd dollarga yetdi. Sakkiz oyda eksport 3,4 foizga kamaygan, import esa 16,3 foizga oʻsgan. Natijada import hajmi eksportdan 11,6 mlrd dollarga koʻp boʻlgan.

Oʻzbekistonda import eksportdan 11,6 mlrd dollarga yuqori bo‘ldi
Milliy statistika qoʻmitasi bergan maʼlumotlarga ko‘ra, mamlakat tashqi savdo aylanmasi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 4 mlrd dollarga yoki 7,6 foizga oshgan.
Hisobot davrida eksport 22,9 mlrd dollarni, import esa 34,5 mlrd dollarni tashkil etgan. Natijada tashqi savdoning manfiy saldosi — yaʼni importning eksportdan ortiq qismi — 11,6 mlrd dollarga teng bo‘lgan.
Umumiy tashqi savdo aylanmasining qariyb 40 foizi eksport hissasiga, 60 foizi esa import hissasiga toʻgʻri kelgan.
Oltinsiz tovarlar eksporti oshgan
Umumiy eksport kamayganiga qaramay, oltinni hisobga olmaganda tovarlar eksportida o‘sish qayd etilgan.
Yanvar–avgust oylarida bu ko‘rsatkich 11,5 mlrd dollarga yetgan. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 28,7 foizga ko‘p.
Mazkur raqam aynan oltinsiz tovarlar eksportiga tegishli.
Eng yirik savdo hamkorlari qaysi davlatlar?
Sakkiz oy davomida Oʻzbekiston dunyoning 200 dan ortiq mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirgan.
Tashqi savdo aylanmasida eng katta ulush quyidagi davlatlar hissasiga toʻgʻri kelgan:
Xitoy — 23 foiz;
Rossiya — 16 foiz;
Qozogʻiston — 6,5 foiz;
Turkiya — 3,4 foiz;
Afgʻoniston — 2,5 foiz.
Xitoy va Rossiya birgalikda Oʻzbekiston tashqi savdo aylanmasining 39 foizini tashkil etgan. Qayd etilgan besh mamlakatning jami ulushi esa 51,4 foizga teng boʻlgan.

