Oʻzbekiston va Turkiya mediatsiya hamda nizolarni muqobil hal etish sohasida tajriba almashishni kengaytiradi

Oʻzbekiston va Turkiya mediatsiya hamda nizolarni muqobil hal etish sohasida tajriba almashishni kuchaytirish niyatida
Oʻzbekiston adliya vaziri Akbar Toshqulov Turkiya adliya vaziri Akin Gyurlek bilan ikki tomonlama uchrashuv oʻtkazdi. Muzokaralar Istanbul shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti Adliya vazirlari kengashining uchinchi yigʻilishi doirasida boʻlib oʻtdi.
Tomonlar sud-huquq sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va rivojlanish istiqbollarini muhokama qildilar. 2026–2027 yillarga moʻljallangan Hamkorlik dasturini amalga oshirish, mediatsiya va nizolarni muqobil hal etish usullarini rivojlantirish, advokatura instituti va davlat hisobidan bepul yuridik yordam koʻrsatish, shuningdek, aholining huquqiy xabardorligini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Ishtirokchilar mediatsiya sohasini raqamlashtirish, professional mediatorlarni tayyorlash hamda sudgacha va sud bosqichlarida yarashtirish tartib-taomillarini qoʻllash boʻyicha tajriba almashish masalalarini koʻrib chiqdilar.
Bundan tashqari, tomonlar Oʻzbekiston Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi va Turkiya Adliya akademiyasi oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni kengaytirish, jumladan, oʻzaro oʻquv tashriflari, stajirovkalar va qoʻshma seminarlar tashkil etishni muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida amaliy hamkorlikni mustahkamlash va qoʻshma tashabbuslarni ilgari surish boʻyicha kelishuvga erishildi.

