Oʻzbekiston va Frantsiya togʻ turizmini rivojlantirishni muhokama qildilar
Turizm qoʻmitasi va Frantsiya TIVning maxsus vakili POMA kompaniyasi bilan turizm uchun kadrlar va «Uzbek-Courchevel» loyihasini muhokama qildilar.

Oʻzbekiston va Frantsiya togʻ turizmining istiqbollarini muhokama qildi
Oʻzbekiston Turizm qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Suhrobjon Bobokalonov Frantsiya Yevropa va tashqi ishlar vazirining barqaror shaharlar va transport masalalari boʻyicha maxsus vakili Jerar Volf bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Muzokaralar davomida tomonlar turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, jumladan, togʻ turizmini rivojlantirishni koʻrib chiqdilar. Uchrashuvda Frantsiyaning Oʻzbekistondagi elchisi Ualid Fuk ham ishtirok etdi.
Ishtirokchilar madaniy meros obʼyektlarining turistik salohiyatidan samarali foydalanish, turistik infratuzilmani rivojlantirish va soha uchun malakali kadrlar tayyorlashni muhokama qildilar.
Oʻzbekiston tomoni turizmdagi islohotlar, xorijiy turistlar oqimini oshirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar va hududlarning turistik salohiyatidan foydalanish haqida maʼlumot berdi.
Volf ikki tomonlama hamkorlik uchun keng imkoniyatlar mavjudligini taʼkidladi. U iqtisodiyotda turizm ulushini oshirish, madaniy meros obʼyektlarining jozibadorligini oshirish hamda turizm va mehmondoʻstlik sohasi uchun kadrlar tayyorlashda Frantsiya tajribasini oʻrganishni taklif etdi.
Wilmotte & Associés Architectes arxitektura kompaniyasi bosh direktori B. Andriye turizm va mehmondoʻstlik sohasida taʼlim dasturlarini ishlab chiqish hamda Oʻzbekistonning turistik infratuzilmasini takomillashtirishga qiziqish bildirdi. Kompaniya bilan shaharsozlik sohasida muzokaralar allaqachon olib borilmoqda.
Shuningdek, uchrashuvda togʻ turizmini rivojlantirish mavzusiga ham toʻxtalib oʻtildi. Tomonlarga «Chimyon turistik zonasi» loyihasi doirasida Frantsiyaning MND kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot taqdim etildi. Bundan tashqari, keyingi bosqichda POMA kompaniyasi bilan birgalikda «Uzbek-Courchevel» loyihasini amalga oshirish rejalari haqida soʻz bordi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar turistik xizmatlarni diversifikatsiya qilish, madaniy meros obʼyektlari salohiyatini oshirish, kadrlar tayyorlash hamda turistik infratuzilma va arxitektura sohasida hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha fikr almashdilar.

