Oʻzbekiston tadbirkor Moʻminjon Yoʻldoshevni xalqaro qidiruvga berdi
Fargʻona viloyatilik tadbirkor Moʻminjon Yoʻldoshev Oʻzbekistonning soʻroviga koʻra xalqaro qidiruvga berildi. Bunga oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish ayblovi asos qilib koʻrsatilgan.

Oʻzbekiston tadbirkor Moʻminjon Yoʻldoshevni xalqaro qidiruvga berdi
Fargʻona viloyatidan boʻlgan tadbirkor Moʻminjon Yoʻldoshev Oʻzbekiston soʻroviga koʻra xalqaro qidiruvga berildi. Uning «qizil bildirishnoma» (Red Notice) bilan boʻlgan kartochkasi Interpol saytiga joylashtirildi.
«Interpol qizil bildirishnomasi» (Red Notice) — bu shaxsni qidirish va hibsga olish toʻgʻrisidagi xalqaro soʻrovdir. Davlat boshqa mamlakatlarga shaxsni topish va keyinchalik uni ekstraditsiya qilish (topshirish) masalasini hal etish uchun vaqtincha hibsga olish iltimosi bilan murojaat qiladi.
Tashkilot maʼlumotlariga koʻra, Moʻminjon Yoʻldoshev 1976 yil 18 fevralda Fargʻona viloyatida tugʻilgan. Boʻyi — 175 sm, vazni — 95 kg. U oʻzbek va rus tillarini biladi.
Qidiruv uchun Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish / bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan 360 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) asos qilib koʻrsatilgan.
Aprel oyida Gomel viloyati ijroiya qoʻmitasi raisi Ivan Krupko Fargʻona viloyatilik tadbirkor deb taqdim etilgan Moʻminjon Yoʻldoshev bilan muzokaralar oʻtkazgan edi.
Iyul oyida Belarusning «Bellegprom» kontserni raisi Nadejda Lazarevich Fargʻona viloyati delegatsiyasi bilan uchrashdi. Uning tarkibida Moʻminjon Yoʻldoshev INKAS kompaniyasining hammuassisi sifatida tanishtirilgan.
2023 yilda u Madad Invest Bank xususiy bankida ulushga ega edi, biroq hozirda u aktsiyadorlar qatorida koʻrsatilmagan.
2019 yilda Jahon banki Sirdaryo viloyatidagi suv taʼminoti loyihasi boʻyicha oʻtkazilgan tekshiruvdan soʻng Moʻminjon Yoʻldoshev va unga aloqador kompaniyalarga nisbatan sanktsiyalar joriy etgan edi. Bank materiallarida Yoʻldoshev tenderning raqobatchi ishtirokchisi vakiliga bosim oʻtkazgani va davlat xizmatchilari bilan til biriktirgani daʼvo qilingan.
U, Quvasoy Tamir Qurilish («Quvasoy Taʼmir Qurilish», keyinchalik — «Stroy Montaj Invest») kompaniyasi va unga aloqador tuzilmalar bir necha yilga Jahon banki loyihalarida ishtirok etishdan chetlashtirilgan edi. Ushbu qaror bir qator xalqaro moliya institutlari tomonidan oʻzaro sanktsiyalar qoʻllanishiga ham asos boʻlgan.

