Oʻzbekiston Superligasi kuz-bahor tizimiga oʻtishi mumkin
Oʻzbekiston Professional futbol ligasi Superliga mavsumini kuz-bahor tizimida oʻtkazishni rejalashtirmoqda. Bu borada Liganing ishchi rejasi Umumiy yigʻilish vakillariga taqdim etildi.

Oʻzbekiston Superligasi kuz-bahor tizimiga oʻtishi mumkin
Taklif qilinayotgan loyihaga binoan, yangi tizim 2028/29 yilgi mavsumdan boshlab joriy etilishi ehtimoli bor.
Dastlabki taqvim quyidagicha belgilangan:
Oʻzbekiston kubogi — 2028-yil 1-martdan 31-maygacha;
yozgi transfer oynasi — 1-iyuldan 9-sentabrgacha (10 hafta);
Superliganing birinchi davrasi — 18-avgustdan 24-dekabrgacha;
qishki transfer oynasi — 2029-yil 2-yanvardan 13-fevralgacha (6 hafta);
Superliganing ikkinchi davrasi — 23-fevraldan 31-maygacha.
Shu tariqa, amaldagi bahor-kuz formati oʻrniga chempionat avgustda boshlanib, keyingi yil may oyida yakunlanadigan tizim taklif qilinmoqda.
Agar taklif tasdiqlansa, bu Oʻzbekiston chempionati tarixidagi ilk kuz-bahor mavsumi boʻladi. Oʻzbekiston Superligasi (avvalgi Oliy liga) 1992-yilda tashkil etilganidan beri doim bahor-kuz tizimida, yaʼni bir kalendar yil doirasida oʻtkazib kelinmoqda.
PFL hozircha yangi tizimga oʻtish sabablarini ochiqlamadi.
Biroq bu Osiyo futbol konfederatsiyasi klub musobaqalari taqvimiga moslashish bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. OFK 2022-yilda klub musobaqalarini kuz-bahor tizimiga oʻtkazishga qaror qilgan va yangi taqvim 2023/24 mavsumidan kuchga kirgan.
Ikki xil taqvim oʻzbek klublarining OFK turnirlaridagi ishtirokida uzoq tanaffus yuzaga kelishiga sabab boʻlmoqda. Masalan, 2025-yil noyabrida Oʻzbekiston chempioni boʻlgan «Neftchi» OFK Chempionlar ligasidagi ilk oʻyinini 2026-yil 14-sentabrda — qariyb 10 oydan keyin oʻtkazdi. Yaʼni klub chempionlik orqali Osiyo musobaqasi yoʻllanmasini qoʻlga kiritganidan soʻng uni amalda ishlatishi uchun deyarli bir yil kutishga majbur boʻldi.
Superliganing kuz-bahor tizimiga oʻtkazilishi bu muddatni sezilarli darajada qisqartirishi mumkin. Yangi taqvimda may oyida Oʻzbekiston chempioni boʻlgan klub yozgi tanaffusdan keyin OFK klub musobaqalarida ishtirokini boshlashi mumkin. Bu ichki chempionat yakunlari bilan Osiyo musobaqalari boshlanishi oʻrtasidagi vaqt farqini kamaytiradi.
2024/25 mavsumidan boshlab OFK klub musobaqalari Chempionlar ligasi Elite, Chempionlar ligasi 2 va Challenge League kabi uch pogʻonali yangi formatda ham kuz-bahor taqvimi asosida oʻtkazilmoqda.

