Oʻzbekiston Senati chegaradagi tunnellar uchun javobgarlikni kuchaytirdi
Oʻzbekiston Senati davlat chegarasi orqali yer osti tunnellarini qurish va ulardan foydalanganlik uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi oʻzgartirishlarni maʼqulladi.

Oʻzbekiston Senati chegaradagi tunnellar uchun javobgarlikni kuchaytirdi
Oʻzbekiston Senatining 19-yalpi majlisida davlat chegarasi orqali noqonuniy yer osti tunnellarini qurish va ulardan foydalanish uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun koʻrib chiqildi. Senatorlar ushbu qonunni maʼqulladilar.
Oʻzgartirishlar kiritish zarurati, xususan, transmilliy jinoyatchilikning yangi shakllari paydo boʻlayotgani bilan izohlanadi. Davlat chegarasini kesib oʻtuvchi yer osti tunnellarining qurilishi hamda ulardan keyinchalik noqonuniy foydalanilishi shunday tahdidlardan biriga aylandi.
Muhokama davomida 2016 yildan 2025 yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston davlat chegarasida 12 ta noqonuniy yer osti tunneli aniqlangani taʼkidlandi. Ular yordamida mamlakatga koʻp miqdordagi tovarlar, valyuta va boshqa boyliklarni noqonuniy olib kirishga urinishlar boʻlgan. Senatorlar bunday holatlar davlat chegarasi daxlsizligiga, iqtisodiy xavfsizlikka va milliy manfaatlarga tahdid solishini taʼkidladilar.
Qabul qilingan oʻzgartirishlar davlat chegarasi orqali oʻtuvchi noqonuniy tunnellar va boshqa yer osti infratuzilma obʼyektlarini qurish va ulardan foydalanish uchun alohida jinoiy javobgarlikni joriy etadi. Shuningdek, bunday faoliyatni tashkil etish yoki moliyalashtirish uchun ham javobgarlik belgilanmoqda.
Shu bilan birga, davlat chegarasini noqonuniy kesib oʻtish va bunday inshootlardan foydalangan holda kontrabanda jinoyatlarini sodir etish uchun jazo choralari kuchaytirilmoqda.
Qonunda insonparvarlik tamoyiliga asoslangan qoidalar ham mustahkamlangan. Bunday qilmishni birinchi marta sodir etgan shaxs, agar u davlat organlariga noqonuniy tunnel haqida ixtiyoriy ravishda xabar bersa yoki jinoyatni ochishga faol yordam bersa, jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin. Bunda uning harakatlarida boshqa jinoyat tarkibi boʻlmasligi kerak.
Jinoyat-protsessual kodeksiga ham oʻzgartirishlar kiritildi. Yangi normalarga koʻra, davlat chegarasi orqali noqonuniy yer osti tunnellarini qurish va ulardan foydalanish bilan bogʻliq jinoyatlar boʻyicha dastlabki tergovni Davlat xavfsizlik xizmati organlari tergovchilari olib boradi.
Senatorlarning fikricha, yangi normalar bunday jinoyatlarni tezkorlik bilan aniqlash va samarali tergov qilish uchun qoʻshimcha huquqiy asos yaratadi. Qonun, shuningdek, transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish hamda milliy va iqtisodiy xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Senatorlar qonunning qabul qilinishi davlat chegarasi daxlsizligini taʼminlashga, shuningdek, mamlakatda tinchlik va barqarorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladilar.

