Oʻzbekiston kinologiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
Oʻzbekiston Toshkentdagi global forum doirasida Koreya, Rossiya, Armaniston va Vengriya kinologiya xizmatlari bilan kelishuvlar imzoladi.

Oʻzbekiston kinologiya xizmatlari sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda.
Toshkentda Jahon bojxona tashkilotining VII Global kinologiya forumi doirasida mamlakat bojxona idoralari vakillari Koreya, Rossiya, Armaniston va Vengriyadan kelgan hamkasblari bilan muzokaralar oʻtkazdi.
Asosiy mavzulardan biri Koreya Respublikasi bojxona organlarining kinologiya xizmati bilan kelgusidagi hamkorlik boʻldi. Ikki mamlakat Kinologiya markazlari vakillari amaldagi kelishuvlarni rivojlantirish va professional tajriba almashish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Koreya tomoni, shuningdek, Oʻzbekiston Milliy kinologiya markazi tomonidan tayyorlangan xizmat itlariga qiziqish bildirdi. Koreya bojxona xizmati Kinologiya markazi vakillari qariyb 10 bosh tayyorlangan itni sotib olish imkoniyatini koʻrib chiqishni taklif qildi.
Ikki davlatning bu yoʻnalishdagi hamkorligi allaqachon amaliy natijalar berdi. 2023–2025 yillarda Oʻzbekiston Milliy kinologiya markazi Koreya Respublikasi bojxona xizmatiga 12 bosh tayyorlangan xizmat itini eksport qildi.
Oʻzbekiston Davlat bojxona qoʻmitasi va Rossiya Federal bojxona xizmatining kinologiya boʻlimi oʻrtasida alohida memorandum imzolandi. Hujjat hozirgi bosqichda va istiqbolda tomonlar oʻrtasidagi hamkorlikning asosiy yoʻnalishlarini belgilab beradi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston tomoni Armaniston va Vengriya bojxona organlarining kinologiya xizmatlari bilan hamkorlik toʻgʻrisida ikki tomonlama memorandumlar imzoladi.
Armaniston va Vengriya bilan imzolangan hujjatlarda kinologiya boʻlinmalari faoliyatini rivojlantirish, ilgʻor tajribalar va zamonaviy yondashuvlar bilan almashish, xizmat itlarini tayyorlash hamda mutaxassislar malakasini oshirish sohasida hamkorlik qilish koʻzda tutilgan.
Jahon bojxona tashkilotining VII Global kinologiya forumi Toshkentda 7-9 sentyabr kunlari boʻlib oʻtmoqda. Ushbu tadbirda Rossiya ilk bor ishtirok etmoqda.
50 dan ortiq mamlakat bojxona xizmatlari vakillari kinologiya sohasidagi dolzarb muammolar, bojxona xavfsizligi masalalari, mutaxassislar tayyorlash, xizmat itlarini oʻqitish va ulardan foydalanishni muhokama qilmoqdalar.

