Oʻzbekiston hududidagi Buyuk ipak yoʻli chorrahasida yangi manzil ochilmoqda
Navoiy viloyatining Karmana tumanida turizm, ekologiya, qishloq xoʻjaligi va zamonaviy koʻngilochar xizmatlarni birlashtiruvchi “Malik Karvon Family Park” majmuasi barpo etildi.

Oʻzbekistonning Buyuk Ipak yoʻli chorrahasida yangi sayyohlik maskani ochilmoqda.
Qadimdan Buyuk Ipak yoʻlining muhim nuqtalaridan biri boʻlgan Navoiy viloyatida yangi turistik majmuaning tashkil etilishi hududning sayyohlik salohiyatini yanada oshirishi kutilmoqda.
Qiymati 8 million AQSH dollariga teng boʻlgan ushbu loyiha 4 gektar maydonni egallaydi. Majmua tarkibida tropik va subtropik bogʻ, ekzotik oʻsimliklar, turli-tuman gullar, favvoralar va suv havzalari, bolalar maydonchalari, zamonaviy attraksionlar, restoran hamda oilaviy dam olish zonalari barpo etilgan. Shuningdek, innovatsion va sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish rejalashtirilgan.
Loyiha doirasidagi asosiy yoʻnalishlardan biri agroturizm boʻladi. Majmua hududidagi zamonaviy issiqxonalarda qulupnay, golubika, pomidor va bodring yetishtiriladi. Mehmonlar issiqxonalardagi jarayonlar bilan tanishish, shuningdek, chorvachilik yoʻnalishi orqali qishloq xoʻjaligi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega boʻlishadi.
Majmua M37 xalqaro avtomobil yoʻli boʻyida joylashgan boʻlib, bu yoʻnalishda kuniga qariyb 40 mingta avtomobil harakatlanadi. Bu esa maskanni nafaqat Navoiy aholisi, balki boshqa hududlardan keluvchi mehmonlar, avtoturistlar va xorijiy sayyohlar uchun ham qulay dam olish maskaniga aylantiradi.
“Malik Karvon Family Park” deb nomlangan ushbu majmuaning sentabr oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Loyiha doirasida 150 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.
Yangi majmua Buyuk Ipak yoʻli boʻyidagi tarixiy hududning turistik imkoniyatlarini zamonaviy dam olish, agroturizm va koʻngilochar xizmatlar bilan uygʻunlashtiradigan maskanlardan biriga aylanishi kutilmoqda.

