Oʻzbekiston boks jamoasi Osiyo oʻyinlarini 2 ta oltin bilan yakunladi
Shuningdek, bitta kumush va 4 ta bronza qoʻlga kiritildi. Umumjamoa hisobida Hindistondan keyingi ikkinchi oʻrin egallandi, Qozogʻiston uchinchi oʻrinda qoldi.

Oʻzbekiston boks jamoasi Osiyo oʻyinlarini 2 ta oltin medal bilan yakunladi
Bugun Osiyo oʻyinlarining 13-kunida Oʻzbekiston erkaklar boks jamoasi uchta vazn toifasida final janglarida ringga chiqdi.
Avval 90 kilogrammgacha boʻlgan vazn toifasida Oʻzbekiston sharafini himoya qilgan Toʻrabek Habibullayev Xitoy vakili Huyejang Hanni bilan bahs olib bordi. Oʻzbekistonlik bokschi jang davomida toʻliq ustunlik qildi va hakamlar uning gʻalabasini bir ovozdan qayd etishdi — 5:0.
Oldinroq Osiyo va jahon chempioni unvonlarini qoʻlga kiritgan 22 yoshli bokschi ilk bor Osiyo oʻyinlari chempioniga ham aylandi. U Hangchjoudagi Osiyo oʻyinlarida bronza bilan qaytgandi.
Keyingi finalda 60 kilogrammgacha boʻlgan vazn toifasida Abdumalik Halokov Janubiy Koreya vakili Donghvang Jangga qarshi ringga chiqdi. Bu jangda ham favorit sifatida ko‘rilgan oʻzbekistonlik bokschi yakunda ishonchli gʻalabaga erishdi — 5:0.
Olimpiada oʻyinlarining amaldagi gʻolibi, ikki karra jahon chempioni va Osiyo chempioni hisoblangan Halokov uchun bu Osiyo oʻyinlaridagi ikkinchi chempionlik boʻldi. U avvalgi turnirda ham oʻz vaznida tengsiz boʻlgan.
Uchinchi finalda esa +90 kg vazn toifasida Jahongir Zokirov Qozogʻiston vakili Aybek Oʻralbayga yutqazdi — 0:5. Shu tariqa u kumush medal bilan kifoyalandi.
Bungacha Firuza Kazakova (-51 kg), Sitora Turdibekova (-60 kg), Fazliddin Erkinboyev (-70 kg) va Shavkatjon Boltayev (-80 kg) yarimfinalda magʻlub boʻlib, bronza medallar bilan ortga qaytishi ma’lum boʻlgandi.

