Mahalliy

Oʻzbek navi, Andijon texnikasi: Belarusda sarimsoqpiyoz yetishtirish boshlandi

Belarusning Vitebsk viloyatida Oʻzbekistondan keltirilgan «Qizil may» navli kuzgi sarimsoqpiyoz tajriba tariqasida ekilmoqda. Oʻzbek agronomlari ishtirok etayotgan loyiha uchun 2,5 gektar maydon ajratilgan. Dastlabki hosilni 2027-yil iyulida yigʻib olish rejalashtirilgan.

Oʻzbek navi, Andijon texnikasi: Belarusda sarimsoqpiyoz yetishtirish boshlandi

«Dunyo» axborot agentligining Belarus OAVga tayanib xabar berishicha, tajriba Vitebsk tumanidagi «Olgovskoye» ishlab chiqarish kooperativi dalalarida olib borilmoqda. Bu xoʻjalikda Oʻzbekistondan keltirilgan mazkur nav ilk bor ekilmoqda.

Sarimsoqpiyoz ekish uchun unumdor va yumshoq tuproqli maydon tanlangan. Ekish jarayoni oʻzbek agronomlari va mahalliy mutaxassislar tomonidan birgalikda nazorat qilinmoqda.

Ishlarda Andijon viloyatida faoliyat yurituvchi «Texmash» qoʻshma korxonasining maxsus ekish texnikalari qoʻllanilmoqda.

Mutaxassislar Belarus iqlimida qaysi ekish usuli eng yuqori hosil berishini aniqlashni maqsad qilgan. Shu sababli 75 santimetrli ikki qatorli va 40 santimetrli uch qatorli ekish sxemalari sinovdan oʻtkazilmoqda.

«Olgovskoye» kooperativi bosh agronomi Olga Yakovlevaning soʻzlariga koʻra, ekilgan sarimsoqpiyozning rivojlanishi muntazam kuzatib boriladi. Birinchi hosilni kelasi yil iyulida olish rejalashtirilgan.

Shu mavsumda L. Dovator nomidagi Ulla davlat kolleji dalalarida ham Oʻzbekiston sarimsoqpiyozi ekilishi koʻzda tutilgan.

Agentlik Vitebsk viloyati bilan Oʻzbekiston hududlari, xususan, Andijon oʻrtasida qishloq xoʻjaligi hamkorligi faollashayotganini taʼkidlagan. Avvalroq Vitebsk viloyatida oʻzbek fermerlariga kartoshka yetishtirish uchun 2 ming gektar yer ajratilgani va chorvachilik boʻyicha qoʻshma loyihalar boshlanganini xabar qilingan edi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.