Oʻqish paytida maosh, diplomdan keyin ish: OTMda yangi tizim
2027-2028 oʻquv yilidan oliy taʼlim muassasalarida korxonalar buyurtmasi asosida, bitiruvchini ishga qabul qilish sharti bilan dual taʼlim tizimi joriy etiladi. Korxona talabaga oʻqish davrida oylik toʻlaydi, talaba esa bitirgandan keyin shu korxonada kamida ikki yil ishlab berishi kerak boʻladi.

Oʻqish davrida maosh, diplom olgach ish: OTMlarda yangi tizim
Bu tartib prezidentning 2026-yil 29-sentabrdagi «Oliy taʼlimda dual taʼlim shaklida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PF–209-son farmonida belgilangan.
Hujjatga muvofiq, yuqori malakali kadrlar tayyorlashda «korxona – oliygoh – maqsadli kadr» tamoyili joriy etiladi. Kadrlar ish beruvchi korxonalar buyurtmalari asosida tayyorlanadi.
Dual taʼlim shakli bo‘yicha qabul qilinadigan bakalavriat yo‘nalishlari va qabul parametrlarini oliy taʼlim muassasasining o‘zi belgilaydi. Biroq bu Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan bo‘lishi kerak.
Qabul ish beruvchi korxona buyurtmasiga asosan, to‘lov-kontrakt shaklida har yili 1-oktabrga qadar amalga oshiriladi.
Dual taʼlim oliy taʼlim muassasasi, korxona va talaba o‘rtasida tuziladigan uch tomonlama shartnoma asosida yo‘lga qo‘yiladi.
Shartnomaga ko‘ra, korxona talabaga butun o‘qish davri davomida har oy mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan ish haqi to‘lashi shart.
Shuningdek, kadrlar tayyorlash tizimi bitiruvchini buyurtma bergan korxonaga ishga qabul qilish shartini ham nazarda tutadi.
Talaba o‘qishni tugatgach, mazkur korxonada kamida ikki yil ishlab berishi kerak. Bu majburiyat ham uch tomonlama shartnomada belgilanadi.
Shu tariqa, yangi tizimda korxonaning kadrga ehtiyoji, oliygohdagi taʼlim va bitiruvchining keyingi mehnat faoliyati bir-biri bilan bog‘lanadi.

