Oʻq-dori oʻrniga elektr: dronlarga qarshi yangi qurol sinovdan oʻtkazildi
BAE Systems kompaniyasi dronlar toʻdasiga qarshi moʻljallangan kuchli mikrotoʻlqinli quroli ochiq poligonlardagi sinovlardan oʻtib, texnologik tayyorlikning oltinchi darajasiga yetganini bildirdi. Tizim nishonlarga odatiy oʻq-dori oʻrniga elektromagnit energiya bilan taʼsir qiladi.

Oʻq-dori oʻrniga elektr: dronlarga qarshi yangi qurol sinovdan oʻtkazildi
Kompaniya AUSA–2026 koʻrgazmasida AQSH armiyasi uchun ikkita ishlanmani taqdim etdi. Ulardan biri kuchli mikrotoʻlqinli HPM tizimi, ikkinchisi esa havodagi va yerdagi nishonlarga qarshi qoʻllanadigan MDACS koʻp maqsadli artilleriya kompleksidir.
HPM dronlar guruhiga elektromagnit energiya yoʻnaltiradi. Kompaniya maʼlumotiga koʻra, elektr taʼminoti mavjud boʻlsa, tizim yangi nishonlarga ketma-ket taʼsir koʻrsata oladi. Bu odatiy qurollardagi kabi oʻq-dori zaxirasini muntazam toʻldirish ehtiyojini kamaytiradi.
Bunday imkoniyat havo hujumidan mudofaa tizimlarini ortiqcha yuklashga qaratilgan ommaviy dron hujumlariga qarshi muhim ahamiyat kasb etishi mumkin. Raketali tutuvchilarda esa oʻq-dori zaxirasi cheklangan boʻladi va sarflangan raketalar oʻrnini toʻldirish uchun qoʻshimcha taʼminot kerak boʻladi.
BAE Systems’ning bildirishicha, HPM konstruksiyasining 99 foizdan ortigʻi ochiq bozorda mavjud, seriyali ishlab chiqariladigan tijorat komponentlaridan tashkil topgan. Kompaniya bu yondashuv ishlab chiqarish va texnik xizmat koʻrsatishni yengillashtirishini taʼkidlagan.
Modulli tizimni statsionar holatda, shatakka olinadigan kompleks sifatida, jangovar mashinalarda yoki dengiz platformalarida joylashtirish rejalashtirilgan.
Kompaniya sinovlar davomida nishonlarga taʼsirni oʻrganish uchun bir necha milliard mikrotoʻlqin impulsi hosil qilinganini maʼlum qilgan.
Ikkinchi ishlanma — MDACS artilleriya tizimi — havo nishonlarini yuqori tezlikdagi boshqariladigan HVP snaryadlari bilan tutib qolishga moʻljallangan. Havo transportida tashish mumkin boʻlgan ushbu platforma vazifa va nishon turiga qarab turli yuqori aniqlikdagi oʻq-dorilardan foydalanadi.
Yerdagi harakatsiz va harakatlanayotgan nishonlarga qarshi esa Scorpio-XR oʻq-dorisini qoʻllash mumkin. BAE Systems uning otish masofasi 155 millimetrli artilleriyadan otiladigan mavjud yuqori aniqlikdagi oʻq-dorilarga nisbatan ikki baravar uzoq ekanini bildirgan.
Kompaniya HPM va MDACS’ni koʻp qatlamli mudofaaning bir-birini toʻldiruvchi qismlari sifatida koʻradi. Birinchisi dronlar guruhiga yoʻnaltirilgan energiya bilan taʼsir qilsa, ikkinchisi havo va yer nishonlariga snaryadlar orqali zarba berish imkonini beradi.

