Oʻldirilgan oʻsmirning oilasi D4vd sudida oʻlim jazosini talab qilmoqda
Seleste Rivas Ernandesning ota-onasi agar D4vd aybdor deb topilsa, qatl etilishi «ayni muddao boʻlishini» aytmoqda.

Oʻldirilgan oʻsmir qizning oilasi D4vd ishi boʻyicha oʻlim jazosini talab qilmoqda
Selesta Rivas Ernandesning jasad qoldiqlari 2025 yil sentyabr oyida D4vd manziliga roʻyxatdan oʻtkazilgan Tesla ichidan topilgan edi
14 yoshli Selesta Rivas Ernandesning oilasi, agar D4vd qizlarini oʻldirishda aybdor deb topilsa, unga oʻlim jazosi berilishini talab qildi.
Haqiqiy ismi Devid Entoni Berk boʻlgan D4vd 2025 yil 8 sentyabrda uning manziliga roʻyxatdan oʻtkazilgan Tesla avtomobili yukxonasidan boʻlaklangan jasadi topilgan oʻsmir qizni oʻldirganlikda ayblanmoqda. Berk ayblovlar boʻyicha oʻzini aybdor deb tan olmadi.
Berk sud qilinishi kutilayotgan Kaliforniyada oʻlim jazosi vaqtincha taqiqlangan boʻlsa-da, Ernandesning oilasi oʻz bayonotida, agar xonanda qotillikda aybdor deb topilsa, qatl etilishi «ayni muddao boʻlishini» aytdi.
Bundan tashqari, juma kuni Ernandesning ota-onasi Berkga qarshi fuqarolik daʼvosi qoʻzgʻatib, dafn marosimi xarajatlarini oʻz ichiga olgan moliyaviy zararni qoplashni talab qilishdi.
Mersedes Martines va Xesus Rivas Berkni qizlarining nohaq oʻlimi, noqonuniy ozodlikdan mahrum qilish va bolalikdagi jinsiy zoʻravonlikda ayblamoqda.
Sud hujjatlariga koʻra, Berk va Ernandes ilk bor 2023 yil noyabr oyida, qiz 13 yoshda boʻlganida uchrashishgan.
Ularning soʻzlariga koʻra, keyingi 16 oy davomida ikkovlon 10 000 ga yaqin matnli xabar almashgan va bir necha bor jinsiy aloqada boʻlgan.
«Barcha tegishli vaqtlarda Berk voyaga yetmagan marhuma ustidan vakolatli mavqega ega boʻlgan katta yoshli shaxs edi va unga nisbatan nooʻrin taʼsir va nazorat oʻtkaza olgan va oʻtkazgan», deyiladi ota-ona oʻtgan juma kuni topshirgan hujjatlarda.
Shuningdek, ular Berk oʻsmir qizni Gollivud Hillzdagi uyida, qiz ularning munosabatlarini oshkor qilish bilan tahdid qilganidan keyin oʻldirganini daʼvo qilishmoqda. Bunga goʻyoki yuborilgan: «Men sening karyerangga ham, hayotingga ham chek qoʻyaman» degan xabar sabab boʻlgan.
Daʼvo arizasida Berkning bir nechta kompaniyalari va menejerlari, shuningdek, uning onasi va birga yashaydigan qoʻriqchisi ham koʻrsatilgan.
Ernandesning ota-onasi bu shaxslar «Berkga Rivas Ernandesni ajratib qoʻyishga imkon berganini» va uning sayohati, uy-joyi va xavfsizligiga yordam berganini aytmoqda.
Berkning Mogul Vision menejment kompaniyasi va moliyaviy menejeri bundan avval Berk va Rivas Ernandes haqida bilganliklarini inkor etishgan edi.
Iyul oyida sudya jinoyat ishi boʻyicha Berkning qotillik ayblovi bilan sudlanishi uchun yetarli asoslar mavjud deb topdi. Oʻsha paytda okrug prokurori oʻlim jazosini talab qilish masalasini koʻrib chiqayotganini aytgan edi.
Dushanba kuni, Ernandesning 16 yoshga toʻlgan boʻlishi kerak boʻlgan kunda, uning oilasi bayonot berib, Berkni qatl etishga chaqirdi.
«Agar oʻlim jazosi qoʻllanilsa, bu bizning qizimizga, oilamizga va qimmatli qizimizni qoʻllab-quvvatlayotgan dunyoga faqat azob keltirgan, tuygʻulardan mahrum, ichi boʻsh va vijdonsiz bunday mavjudot uchun ayni muddao boʻlardi», deyiladi oila advokati orqali tarqatilgan bayonotda.
Berk oʻtgan hafta ayblovlar boʻyicha yana oʻzini aybdor deb tan olmadi va shundan soʻng oʻzining mashhur himoyachi advokati bilan aloqani uzdi. Hozirda uni jamoat himoyachisi vakillik qilmoqda va u 19 oktyabrda sudga qaytishi kerak. Uni sud qilish keyingi yilga qoldirildi.
Jamoat himoyachisi oʻrinbosari Valid Kandeyel Berk «uning sharoitlarini jiddiy qabul qiladigan va dalillarni sinchiklab oʻrganadigan himoyaga haqli» ekanini aytdi.
«Biz unga ana shunday himoyani taqdim etishga sodiqmiz», dedi u.
Uning idorasi fuqarolik daʼvosi boʻyicha darhol izoh bermadi.

