Mahalliy

Oʻlatga qarshi tayyorgarlik va jizzaxlik pedofilning oʻlimi - mahalliy dayjest

Jizzaxda bolaga nisbatan jinsiy zoʻravonlikda gumon qilingan erkak oʻz joniga qasd etdi. Rossiyada oʻlat tarqalgani haqidagi norasmiy xabarlar ortidan Oʻzbekistonda unga qarshi tayyorgarlik choralari kuchaytirildi. Xivadagi Lyaoning pedagogika universiteti filiali talabalari 2031-yilgacha davlat granti asosida oʻqitiladi. Ohangaron togʻlarida adashgan besh kishi yarim tunda topildi.

Oʻlatga qarshi tayyorgarlik va jizzaxlik pedofilning oʻlimi - mahalliy dayjest

Jizzaxda bolaga nisbatan jinsiy zoʻravonlikda gumon qilingan erkak oʻz joniga qasd qildi

Jizzax shahrida erkak 10 yoshli bolani zoʻrlab, keyin oʻz joniga qasd qilgani aytilmoqda.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi bu holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.

Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, 2016-yilda tug‘ilgan bolaga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etilgani aniqlangan. Bu haqda jabrlanuvchining yaqin qarindoshi huquqni muhofaza qiluvchi organga xabar bergan.

Maʼlum qilinishicha, holat yuzasidan surishtiruv va tergov ishlari olib borilmoqda. Gumon qilinuvchi A.R. protsessual harakatlardan so‘ng o‘z joniga qasd qilgan.

Voqea bo‘yicha ekspertiza tayinlangan. Ekspertiza xulosasi natijalariga qarab qo‘shimcha choralar belgilanadi.

Rossiyaning Irkutsk viloyatida ilmiy-tadqiqot instituti xodimi bo‘lgan 28 yoshli ayol o‘ta yuqumli va xavfli oʻlatdan vafot etgani haqida norasmiy xabarlar tarqaldi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Botir Qurbonov vaziyatga izoh berib, tegishli ehtiyot choralari kuchaytirilganini maʼlum qildi.

«Oʻlat oʻta xavfli yuqumli kasallik boʻlib, turli yoʻllar bilan yuqishi mumkin. Hozir eʼtiborimizdagi holat – oʻpka shakli. Bu odamdan odamga yuqishi mumkin. Yaʼni odam nafas chiqarganda havo orqali kasallik yuqishi mumkin», – dedi u.

U aholini tasdiqlanmagan xabarlar asosida vahimaga tushmaslikka chaqirdi. Qurbonovning taʼkidlashicha, ehtimoliy xavf yuzaga kelgan taqdirda bemorlarni izolyatsiya qilish va vaziyatga tezkor javob berish uchun imkoniyatlar mavjud.

«Oʻzbekistonda Xitoy Xalq Respublikasining Lyaoning pedagogika universiteti filialini tashkil etish toʻgʻrisida»gi prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, Xorazm viloyatida Lyaoning pedagogika universitetining Oʻzbekistondagi filiali tashkil etiladi.

Taʼlim jarayoni 2026/2027 oʻquv yilidan boshlanadi va oʻzbek, xitoy yoki ingliz tillarida olib boriladi. Oʻqish kunduzgi va muqobil taʼlim shakllarida tashkil etiladi.

2030/2031 oʻquv yiliga qadar oʻqishga qabul qilingan talabalar oʻqishning butun davri davomida toʻliq davlat granti asosida oʻqitiladi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, 4-oktabr kuni Ohangaron tumanining Chinor mahallasi hududidagi tog‘larda besh kishi adashib qolgani haqida xabar kelib tushgan. Murojaat asosida «Qamchiq» maxsus qutqaruv boshqarmasining «Beshqoʻl» navbatchilik qismi qutqaruvchilari qidiruv-qutqaruv ishlarini olib borgan.

Qidiruv natijasida fuqarolar 5-oktabrga o‘tar kechasi topilgan. Ularning barchasi tog‘dan xavfsiz hududga olib tushilib, yashash manzillariga yuborilgan.

FVV fuqarolarni tog‘li hududlarga chiqishda xavfsizlik qoidalariga qatʼiy rioya qilishga chaqirdi. Shuningdek, ob-havo sharoitini inobatga olish va safar yo‘nalishini oldindan belgilab olish zarurligini eslatdi.

Toshkent viloyatida bank xodimi noqonuniy ravishda 100 ming dollar olayotgan paytda qo‘lga tushdi, deb xabar berdi Davlat xavfsizlik xizmati.

Maʼlum qilinishicha, u nufuzli banklardan birining Toshkent viloyatidagi mintaqaviy markazi Mahallabay va davlat dasturlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i bo‘lgan. U Quyi Chirchiq tumani hokimligi balansidagi 16,05 gektar yer maydonini sotish hamda hokimlik zaxirasida bo‘lgan 4 gektar yerni mansabdor tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga xaridordan jami 4 mln 250 ming AQSH dollari talab qilgan.

Tezkor tadbir davomida u so‘ralgan pul mablag‘idan 100 ming AQSH dollarini oldindan olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Hozir unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.