«O‘ztransgaz» tizimida 35 mln kub metrgacha gaz sizib chiqishi aniqlangan
O‘zbekistonda gaz sizib chiqishlarini aniqlash va bartaraf etish, metan chiqindilarini kamaytirish hamda tejalgan mablag‘larni gaz infratuzilmasiga qayta yo‘naltirish bo‘yicha yangi loyiha amalga oshiriladi. Jahon banki ishtirokidagi loyiha uchun 10,6 mln AQSh dollari miqdorida grant ajratilishi belgilandi.

«O‘ztransgaz» tizimida 35 million kub metrgacha gaz sizib chiqishi aniqlandi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 18-avgustdagi 444-sonli qarori bilan Jahon banki ishtirokida «O‘zbekistonda gaz sizib chiqishlarini bartaraf etish mexanizmini yaratish» loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Qarorga ko‘ra, loyihani amalga oshirish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Jahon banki o‘rtasida 10,6 million AQSh dollariga teng grant bitimi imzolangan.
Loyihaning asosiy maqsadlari gaz infratuzilmasidagi yo‘qotishlarni kamaytirish, metan chiqindilarini qisqartirish, iqlim o‘zgarishiga qarshi choralarni kuchaytirish va gaz tejalishi natijasida hosil bo‘lgan mablag‘larni sohaga qayta investitsiya qilishdan iborat.
Hujjatda qayd etilishicha, Jahon banki ko‘magida gaz sizib chiqishi holatlarini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirlar natijasida respublika hududidagi «O‘ztransgaz» ob’yektlarining 1000 dan ortiq nuqtasida 35 million kub metrgacha gaz sizib chiqishi holatlari aniqlangan.
Loyiha 2026–2028-yillar davomida amalga oshiriladi. Uning doirasida «O‘ztransgaz» tizimidagi ob’yektlarda gaz sizib chiqishi holatlari bosqichma-bosqich aniqlanadi va bartaraf etiladi.
Qarorga ilova qilingan moliyalashtirish jadvaliga ko‘ra, grant mablag‘larining asosiy qismi – 9,6 million dollari gaz infratuzilmasida mavjud gaz yo‘qotishlari hajmini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarga yo‘naltiriladi.
Yana 500 ming dollar gaz sizib chiqishi holatlari va metan emissiyalarini kamaytirish monitoringi hamda hisobotini yuritish bo‘yicha institutsional salohiyatni mustahkamlashga, qolgan 500 ming dollar esa loyihani amalga oshirish guruhi faoliyati, xorijiy ekspertlarni jalb qilish va loyihani qo‘llab-quvvatlashga ajratiladi.
Loyiha doirasida gaz sizib chiqishlarini bartaraf etish natijasida iqtisod qilingan metan gazi hajmi mustaqil verifikatsiyadan o‘tkaziladi. Shu asosda shakllangan mablag‘lar maxsus eskrou hisobvarag‘ida jamlanib, gaz tizimidagi samarali loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Moliyaviy mexanizm orqali gaz sizib chiqishlarini aniqlash va bartaraf etish, o‘lchash, monitoring, hisobot va verifikatsiya tizimlarini joriy etish, gaz infratuzilmasini modernizatsiya qilish va texnik xizmat ko‘rsatish, shuningdek, ekologik va xavfsizlik standartlarini ta’minlash bilan bog‘liq tadbirlarni moliyalashtirish nazarda tutilgan.
Qarorda yana bir muhim shart belgilangan: loyiha natijasida kamaytirilgan va mustaqil verifikatsiya asosida tasdiqlangan tabiiy gaz hajmlari kamida ikki yil davomida ichki bozor ehtiyojlari uchun qo‘llanadi. Bu davrda ushbu gaz uchun tarif to‘lovlarini kamaytirmaslik hisobidan moliyaviy mexanizmning barqaror ishlashi ta’minlanadi.
Loyihani muvofiqlashtirish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Energetika vazirligi hamda «O‘ztransgaz» vakillaridan iborat idoralararo ishchi guruh ham tashkil etiladi.

