O‘zlashtirish, moslashtirish va takomillashtirish. ICT Week Uzbekistan ekspertlari SI taraqqiyotidan ortda qolmaslik uchun nima tavsiya qiladi?
ICT Week Uzbekistan ekspertlariga ko‘ra, O‘zbekiston SIda muvaffaqiyatga erishish uchun texnologiyani hozirdan qo‘llashni boshlashi, uni mahalliy sharoitga muntazam moslashtirib borishi va ilg‘or tadqiqotlarga sarmoya kiritishi lozim. SIga sarmoya kiritishda ustuvorlikni infratuzilmaga emas, odamlarga berish muhim.

O‘zlashtirish, moslashtirish va takomillashtirish. ICT Week Uzbekistan ekspertlari SI taraqqiyotidan ortda qolmaslik uchun nimalarni tavsiya qiladi?
ICT Week Uzbekistan doirasida o‘tkazilgan Digital Education forumida xalqaro tashkilotlar hamda texnologiya kompaniyalari vakillari sun’iy intellektning ta’lim va mehnat bozoriga ta’siri haqida fikr bildirdi.
SI sohasi tez sur’atlarda kengayayotgan bir paytda, uning mamlakatlar va iqtisodiyotlar uchun qanday xavf va imkoniyatlar tug‘dirishi muhokamaning markazida bo‘ldi.
Jahon bankining katta mutaxassisi Sesiliya Paradi-Gilfordning aytishicha, SI bo‘yicha taraqqiyotdan ortda qolmaslik uchun davlatlar texnologiyani hozirdanoq qo‘llay boshlashi, uni mahalliy ehtiyoj va sharoitga muntazam moslashtirib borishi hamda ilg‘or ilmiy tadqiqotlarga tanlab sarmoya kiritishi kerak.
Coursera vakili Larisa Uitkroft esa SIni o‘zlashtirish va unga sarmoya yo‘naltirishda ustuvorlikni infratuzilmaga emas, odamlarga berish muhimligini ta’kidladi.
AWS (Amazon Web Services) mintaqaviy menejeri Inna Ojogina sun’iy intellektdan to‘g‘ri foydalanish va uning tahdiddan ko‘ra ko‘proq imkoniyat yaratishi uchun zarur bo‘lgan to‘rtta shartni sanab o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, SI xavfsiz, ishonchli, hammabop bo‘lishi va odamlar undan foydalanish bo‘yicha yetarli bilimga ega bo‘lishi kerak.
Jahon bankining raqamli rivojlanish bo‘yicha katta mutaxassisi Sesiliya Paradi-Gilfordning ta’kidlashicha, bugun asosiy savol sun’iy intellekt ish o‘rinlarini yo‘q qiladimi yoki yaratadimi, degani emas. Asosiy masala — qaysi vazifalar o‘zgaradi, kim foyda ko‘radi va kim ortda qolish xavfi ostida qoladi.
Uning fikricha, har qanday ish bir qator vazifalardan iborat. Shu bois, muayyan ish o‘rni SI ta’siriga uchrashi uning butunlay yo‘qolishini anglatmaydi, balki unga xos ayrim vazifalarni SI o‘z zimmasiga olishi mumkin.
“Ish bu — vazifalar yig‘indisi. SI ularning bir qismini o‘z zimmasiga olishi, boshqalarida samaraliroq ishlashda odamlarga yordam berishi va yangi vazifalar yaratishi mumkin. Ish o‘rni SI ta’siriga uchrashining o‘zi uning yo‘qolishini anglatmaydi”, — deydi Paradi-Gilford.
) hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonga o‘xshash iqtisodiyotlarda ish o‘rinlarining taxminan 4,5 foizi avtomatlashtirish xavfi ostida. Shu bilan birga, SI tufayli unumdorligi oshishi mumkin bo‘lgan ish o‘rinlari bundan qariyb to‘rt baravar ko‘p.
“Bundan kelib chiqadiki, O‘zbekiston uchun xavf ish o‘rinlarining yo‘qotilishi emas, balki imkoniyatning boy berilishi: boshqalar — raqobatchilar bu marraga tezroq yetib boradi, vositalar esa odamlar ulardan foydalanishni o‘rganib ulgurmasidan rivojlanadi”, — deya tushuntiradi Jahon banki vakili.
Hisobot mamlakatlarga uch bosqichli yo‘lni taklif qiladi: o‘zlashtirish (adopt), moslashtirish (adapt) va takomillashtirish (advance).
Ya’ni texnologiyani hozirdan qo‘llashni boshlash, uni mahalliy ehtiyoj va sharoitga muntazam moslashtirib borish hamda ilg‘or ilmiy tadqiqotlarga tanlab sarmoya kiritish.
“Siyosat nuqtai nazaridan, qaysi yo‘ldan borishni hal qilishda eng muhim masala — iqtisodiyot va jamiyatga keladigan foydani qanday qilib maksimal darajada oshirishdir”, — deydi u.
Jahon banki vakili O‘zbekistonning to‘rtta kuchli tomonini sanadi: internetdan foydalanish darajasi yuqori, STEM bitiruvchilari bo‘yicha yutuqlar bor, ko‘nikmalarga katta sarmoya kiritilmoqda va SI bo‘yicha ilmiy nashrlar soni so‘nggi paytda keskin oshgan. Biroq o‘zlashtirish tezligining o‘zi hali natija degani emas. Vazifaning tezroq bajarilishi kompaniyada unumdorlik oshayotganini yoki iqtisodiyot o‘zgarayotganini anglatmaydi. Buning uchun SI keng va samarali qo‘llanishi kerak.
Paradi-Gilford eng jiddiy muammoni ishga endi kirayotgan yoshlarda ko‘radi.
“AQSh ma’lumotlariga tayanadigan bo‘lsak, mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlar uchun ish o‘rinlarining keng miqyosda yo‘q qilinishi yoki ommaviy ishdan bo‘shatish holatlari kuzatilmadi, biroq SI ta’siriga ko‘proq uchraydigan kasblarga kirib kelayotgan yosh ishchilar uchun ishga qabul qilish darajasi pasayishi tufayli ma’lum bir kechikishlar yuzaga keldi. Bu esa shunday savolni tug‘diradi: boshlang‘ich darajadagi, odatiyroq ish o‘rinlari o‘zgarib borayotgan va bu birinchi ish o‘rinlari haqiqatan ham muhim bo‘lgan bir paytda, odamlar qanday qilib tajriba orttiradi?” — dedi u.
Boshqacha aytganda, SI bugun yosh, tajribasiz mutaxassis bajaradigan oddiy ishlarni o‘z zimmasiga olmoqda. Aynan shu ishlar tajriba maktabi edi. Jahon banki buning yechimini stajirovka va shogirdlik tizimini qayta qurishda ko‘radi.
“Yoshlar uchun o‘z sohasini o‘rganishda davom etish, SIdan samarali foydalana olish, shuningdek, uning qachon xato qilishini anglash juda muhim. Binobarin, bu asosiy insoniy ko‘nikmalarni talab qiladi: tanqidiy fikrlash, muloqot va uzluksiz o‘rganish qobiliyati. Shu bois, menimcha, bu mazkur ko‘nikmalarni rivojlantirishda davom etadigan va kelajakdagi iste’dodlarimiz uchun zamin yaratadigan boshlang‘ich darajadagi muhim ish o‘rinlari, amaliyotlar va shogirdlik dasturlarini qayta ko‘rib chiqish zaruratini ham yaqqol ko‘rsatadi”, — dedi Paradi-Gilford.
Shu nuqtai nazardan, Jahon banki vakilining ta’kidlashicha, SI savodxonligi hamma uchun zarur. Shogirdlik va amaliyot dasturlari esa amaliyot orqali o‘rganishni chinakamiga rag‘batlantirishi lozim. Buning uchun xususiy sektor iste’dodlarni shunchaki ishga yollashi emas, balki ushbu iste’dodlar zaxirasini yaratishda hamkorlik qilishi kerak.
“SI odamlarni keraksiz qilib qo‘yishidan xavotirlanmayman, biz moslashishga ulgurmasligimizdan xavotirdaman”, — deya xulosa qiladi u.
Larisa Uitkroftning fikricha, SI bir vaqtning o‘zida ham tahdid, ham imkoniyatdir. Muhimi, uning tahdid yoki imkoniyatga aylanishini texnologiyaning o‘zi emas, insonlar belgilaydi.
SIning, xususan, mehnat bozoriga tahdidi haqida gapirar ekan, Uitkroft ayrim raqamlarni keltirdi. Uning aytishicha, 2022-yildan beri boshlang‘ich darajadagi (junior) mutaxassislarga talab 28 foizga kamaygan. Sababi — ilgari yosh xodimlarga topshiriladigan oddiy va takrorlanuvchi vazifalarni endi tez va arzon SI bajarmoqda. Bundan tashqari, bugungi kunda kasbiy ko‘nikmalar atigi 18−24 oy ichida eskirmoqda. Demak, yoshlar egallagan bilim va ko‘nikmalar tezda qadrsizlanmoqda, kasbiy faoliyatning ilk tajriba maktabi bo‘lishi kerak bo‘lgan boshlang‘ich bosqichda esa ular SI bilan raqobatlashish xavfiga duch kelmoqda.
Shu bilan birga, Uitkroftning ta’kidlashicha, SI ulkan qiymat yaratmoqda.
) hisob-kitoblariga ko‘ra, SI yaratgan qiymat 2031-yilgacha 22,5 trln dollarga yetadi. Shu o‘rinda u e’tiborni ushbu qiymatning taqsimotiga qaratadi.
“Boshqa raqamlarga e’tibor qarating: ushbu qiymatning 74 foizi tashkilotlarning atigi 20 foizi hissasiga to‘g‘ri keladi. Demak, bu yerda asosiy masala va tahdid SIning kirib kelayotganida emas, balki uning notekis kirib kelayotganida. Butun boshli mamlakatlar orqada qolib ketishi ehtimoli bor. Demak, o‘sha 20 foizlik guruhga kirish uchun nima qilish kerak — masala shunda”, — deydi u.
Uitkroftning qayd etishicha, buning javobi texnologiyada emas, balki odamlarda. Boston Consulting Group (BCG) o‘tkazgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, SIdan foydaning 70 foizi odamlar va jarayonlar hisobiga keladi. Faqat 20 foizi texnologiyadan, 10 foizi esa algoritmlardan olinadi. Ammo kompaniyalarning SIga tayyorgarlik darajasiga qaralsa, texnologiya va infratuzilmaning tayyorlik darajasi 43 foizni tashkil etadi, xodimlar uchun esa bu ko‘rsatkich 20 foiz.
“Demak, biz infratuzilmaga ikki barobar ko‘p sarmoya kiritib, odamlarni biroz e’tibordan chetda qoldiryapmiz. Aslida esa SI amalda samara berishi uchun odamlar bu infratuzilmadan foydalanishlari kerak”, — deydi u.
Shu o‘rinda u ikkita jihatga — mamlakatda SIning keng tatbiq etilishiga ta’lim tizimi va biznesning qay darajada tayyorligiga e’tibor qaratadi. Ta’lim tizimi haqida gap ketganda, Uitkroft faqat bitiruvchilarni ishga joylashtirish haqida bosh qotirish tor fikrlash deb hisoblaydi. Uning fikricha, bitiruvchilar nafaqat ishga yollanishi, balki o‘zi nimadir yaratishga layoqatli bo‘lishi ham kerak.
Shundan kelib chiqib xulosa qilar ekan, u uchta tavsiya bilan bo‘lishadi. Birinchidan, maktab va universitetlar o‘quvchi hamda talabalarga faqat vositani emas, balki butun boshli siklni o‘rgatishi lozim. Bu yerda “sikl” deganda talabaga SI vositasidan shunchaki foydalanishni emas, uni sinab ko‘rish, baholash, xatolarni tuzatish va natijaga erishishni o‘rgatish nazarda tutiladi.
Ikkinchidan, ish beruvchilar SIdan keladigan foydaning 70 foizi odamlar va jarayonlarga bog‘liq ekanini unutmasligi, shuni hisobga olib xodimlarni o‘qitishga sarmoya kiritishi kerak.
Uchinchidan, hukumat va asoschilar SIning amaliy qatlamiga, ya’ni tayyor modellar asosida aniq muammolarni hal qilishga mo‘ljallangan mahsulotlarga sarmoya kiritishi maqsadga muvofiq. Chunki bu bozor hali to‘liq egallanmagan.

