O‘zbekistonliklarning qariyb yarmida jamg‘arma yo‘q – MB
Bu, Markaziy bankning qayd etishicha, aholining kutilmagan xarajatlarni qoplash yoki daromadlardagi ehtimoliy o‘zgarishlarga moslashish imkoniyatini

O‘zbekistonliklarning qariyb yarmida jamg‘arma yo‘q – MB
Markaziy bankning 2026-yil II choragi bo‘yicha iste’mol kayfiyati so‘roviga ko‘ra, respondentlarning 46,4 foizi kelgusi davr uchun jamg‘armasi mavjud emasligini bildirgan. Bu ko‘rsatkich avvalgi chorakka nisbatan deyarli o‘zgarmagan.
Markaziy bank ta’kidlashicha, aholining qariyb yarmida moliyaviy zaxira yo‘qligi ularning kutilmagan xarajatlarni qoplash yoki daromadlardagi ehtimoliy o‘zgarishlarga moslashish imkoniyatini cheklaydi. Shu bilan birga, jamg‘armasi 1 oygacha, 1–3 oy, 3–6 oy va 6 oydan ortiq muddatga yetishini aytganlar ulushida ham sezilarli o‘zgarish kuzatilmagan.
Shunga qaramay, aholining kelgusi davrda pul jamg‘arish bo‘yicha kutilmalari ijobiyligicha qolmoqda. So‘rov ishtirokchilarining 64,3 foizi kelgusida jamg‘armalari ko‘payishini kutmoqda. Bu ko‘rsatkich I chorakka nisbatan 1,5 foiz bandga kam.
Jamg‘armasi o‘zgarmasligini kutganlar ulushi 23,3 foizni tashkil etgan va avvalgi chorakka nisbatan 1 foiz bandga oshgan. Jamg‘armasi kamayishini kutganlar esa 12,4 foizni tashkil etdi. I chorakda bu ko‘rsatkich 11,9 foiz bo‘lgan.
2026-yil II choragida jamg‘arish subindeksi 69,2 bandni tashkil etdi. Bu I chorakka nisbatan 1,4 bandga kam, biroq 2025 yilning mos davriga nisbatan qariyb 1 bandga yuqori.

