O‘zbekistonliklarning qariyb uchdan ikki qismi ortiqcha vaznga ega — statistika

**O‘zbekistonda aholining qariyb uchdan ikki qismi ortiqcha vazn yoki semizlikdan aziyat chekmoqda – statistika ma’lumotlari**
O‘zbekistonda katta yoshli aholining taxminan 64 foizi ortiqcha vazn yoki semizlikka ega ekanligi aniqlandi. Bu raqam mamlakatda sog‘lom ovqatlanish va jismoniy faollikni targ‘ib qilish zarurati tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Our World in Data platformasining JSST Global Health Observatory ma’lumotlariga asoslanib e’lon qilgan 2024-yilgi statistikasi shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonda 18 yoshdan oshgan aholining 64 foizi tana vazni me’yoridan yuqori bo‘lgan guruhga kiradi. Bu ko‘rsatkich ortiqcha vazn va semizlik holatlarini birgalikda o‘z ichiga oladi.
JSST mezonlariga ko‘ra, tana massasi indeksi (TMI) 25 va undan yuqori bo‘lgan shaxslar ortiqcha vaznli, 30 va undan yuqori bo‘lganlar esa semiz hisoblanadi.
Tana massasi indeksi insonning bo‘yi va vazni o‘rtasidagi mutanosiblikni baholovchi ko‘rsatkich bo‘lib, u vazn yetishmasligi, me’yordagi vazn yoki ortiqcha vaznni aniqlashda qo‘llaniladi. Uni hisoblash uchun tana vaznining kilogrammdagi ko‘rsatkichini bo‘y o‘lchamining kvadrat metriga bo‘lish kerak. Masalan, vazni 72 kg, bo‘yi 190 sm bo‘lgan odamning TMI quyidagicha hisoblanadi: TMI = 72 kg : (1.90)² = 25.9.
O‘zbekiston aholisining tana massasi indeksi bo‘yicha MDH davlatlari orasida yetakchilik qilmoqda. OWID/WHO ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich O‘zbekistonda 64% ni tashkil etadi. Boshqa MDH davlatlarida esa quyidagicha:
* Ozarbayjon — 63%
* Moldova — 61%
* Turkmaniston — 58%
* Tojikiston — 58%
* Qozog‘iston — 56%
* Qirg‘iziston — 56%
* Rossiya — 56%
* Armaniston — 56%
* Belarus — 55%
Dunyo bo‘yicha esa katta yoshli aholining qariyb 45 foizi ortiqcha vazn yoki semizlikka ega. Eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri Tongada qayd etilgan bo‘lib, u 91 foizni tashkil etadi. Yaponiyada esa bu ko‘rsatkich taxminan 24 foizni tashkil etadi.
JSST ortiqcha vazn va semizlikni surunkali kasallik sifatida baholaydi. Ular yurak-qon tomir kasalliklari, 2-tur qandli diabet, gipertoniya va ayrim saraton turlari xavfini oshirishi mumkin.
O‘zbekistonda yurak-qon tomir kasalliklari ham o‘limning asosiy sabablaridan biri hisoblanadi. IHME Global Burden of Disease ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda ushbu kasalliklardan o‘lim ko‘rsatkichi har 100 ming aholiga 522,4 tani tashkil etgan. Yurak-qon tomir kasalliklari mamlakatdagi barcha o‘limlarning 52,8 foizini tashkil etgan. Yurak-qon tomir tizimi kasalliklari rivojlanish xavfi TMI ko‘rsatkichiga qarab quyidagicha baholanadi:
* TMI < 18.5 bo‘lsa, xavf past (boshqa kasalliklar rivojlanishi mumkin);
* TMI 18.5—24.9 bo‘lsa, xavf odatdagidek;
* TMI 25.0—29.9 bo‘lsa, xavf baland;
* TMI 30.0—34.9 bo‘lsa, xavf yuqori;
* TMI 35.0—39.9 bo‘lsa, xavf juda yuqori;
* TMI >= 40 bo‘lsa, xavf favqulodda yuqori sanaladi.

