O‘zbekistonliklar Qatardagi Ulta Beauty do‘konlariga ishga taklif qilinmoqda, maosh — $5500 gacha
Qatardagi Ulta Beauty do‘konlarida o‘zbekistonliklar uchun 50 ta bo‘sh ish o‘rni taklif etilmoqda. Oylik maosh $1450 dan $5500 gacha. Ish beruvchi aviachipta, ish vizasi, aeroport transferi va tibbiy sug‘urtani qoplaydi. Arizalar 29-avgustga qadar qabul qilinadi.

O‘zbekiston fuqarolari Qatardagi Ulta Beauty do‘konlarida ishlash imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar, bunda oylik maosh 5500 dollargacha yetishi mumkin. Bu haqda Migratsiya agentligining “Xorijda ish” Telegram kanali orqali ma’lum qilindi.
Jami 50 ta bo‘sh ish o‘rni taklif etilmoqda. Lavozimga qarab, oylik ish haqi 1450 dollardan 5500 dollargacha belgilangan.
Ish haftasi besh kun, kuniga sakkiz soatdan, jami 40 soatni tashkil etadi. Ish turi doimiy hisoblanadi.
Nomzodlarga qo‘yiladigan talablar quyidagicha: kamida o‘rta ma’lumotga ega bo‘lish, ingliz tilida erkin muloqot qila olish va tegishli sohada kamida ikki yillik ish tajribasiga ega bo‘lish. Yosh chegarasi 20 yoshdan 50 yoshgacha. Jins bo‘yicha cheklov yo‘q, erkaklar ham, ayollar ham ariza topshirishlari mumkin.
Ish beruvchi tomonidan O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi aviachipta, ish vizasi, aeroportdan transfer, vatanga borib-qaytish aviachiptasi hamda tibbiy sug‘urta xarajatlari qoplanadi.
Turar joy, ovqatlanish va ishga borib-kelish bilan bog‘liq xarajatlar esa nomzodlarning zimmasida bo‘ladi. E’londa ko‘rsatilishicha, ish haqi 70% asosiy maosh, 20% uy-joy va 10% transport xarajatlari uchun to‘lovdan iborat.
Ish beruvchi sifatida Qatar Manpower Solutions (Jusour) QPSC ko‘rsatilgan. Ish joyi Qatarning Doha shahridagi 1 Al Corniche manzilidagi Ulta Beauty do‘konlarida bo‘ladi.
Nomzodlar 29-avgustga qadar ariza topshirishlari mumkin.

