O‘zbekistonliklar kreditni asosan uy-joy ta’miri va ta’limga olmoqda
Markaziy bank so‘rovida aholining aksariyati daromad, xarajat, jamg‘arish va kreditga bo‘lgan ehtiyoj bo‘yicha ijobiy kutilmalarni

O‘zbekistonliklar kreditni ko‘proq uy-joy ta’miri va ta’lim uchun olmoqda
Markaziy bankning 2026-yil II chorak uchun iste’mol kayfiyati sharhiga ko‘ra, aholining iste’mol kayfiyati ijobiyligicha qolgan. Iyul oyida o‘tkazilgan so‘rovda qariyb 4 100 nafar respondent qatnashgan.
Daromadlar subindeksi 71,3 ballni tashkil etgan. So‘rov ishtirokchilarining 66 foizi kelgusida daromadlari oshishini, 25 foizi esa o‘zgarmasligini kutgan. Daromadi kamayishini kutganlar ulushi 9 foiz bo‘lgan. Xarajatlar subindeksi 77,2 ballga yetgan. Respondentlarning 76 foizi kelgusida xarajatlari oshishini kutgan. Asosiy xarajat yo‘nalishlari sifatida uy-joy ta’miri, ta’lim va davolanish saqlanib qolgan.
Kreditga talab yuqori
II chorakda kredit subindeksi 65,3 ballni qayd etgan. Bu I chorakka nisbatan 0,2 ball past bo‘lsa-da, aholining kreditga ehtiyoji yuqori darajada qolgan.
Ayniqsa, oylik daromadi 3–10 mln so‘m bo‘lgan aholi orasida kelgusida kreditga ehtiyoj oshishini kutganlar ulushi 57–59 foizni tashkil etgan.
Aholi kredit mablag‘larini asosan uy-joy ta’miri, ta’lim va boshqa ehtiyojlar uchun ishlatishni rejalashtirmoqda. To‘y, avtomobil va davolanish xarajatlari ham kreditdan foydalanishning muhim yo‘nalishlari bo‘lib qolgan.
Daromadlarni jamg‘arish
Jamg‘arish subindeksi 69,2 ball bo‘lgan. I chorakka nisbatan 1,4 ball pasayganiga qaramay, ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davridagi darajadan qariyb 1 ball yuqori bo‘lgan.
So‘rov ishtirokchilarining 64,3 foizi kelgusida jamg‘armalari ko‘payishini kutgan. 23,3 foizi jamg‘armalari o‘zgarmasligini, 12,4 foizi esa kamayishini bildirgan.
2026 yil birinchi yarim yilida aholi depozitlari qoldig‘i yillik 38 foizga oshgan. Milliy valyutadagi muddatli omonatlar qoldig‘i o‘sishi 25,6 foizni tashkil etgan. Shuningdek, respondentlarning 66,6 foizi kelgusi davrda mamlakat iqtisodiy ahvoli yaxshilanishini kutgan.

