O‘zbekistonlik o‘rta tibbiyot xodimlari uchun Germaniya klinikalarida 800 ta ish o‘rni taklif qilinmoqda
O‘zbekistonlik o‘rta tibbiyot xodimlari Germaniya klinikalarida ishlashga taklif etilmoqda. Nomzodlar 10 oylik bepul nemis tili kurslarida o‘qib, so‘ng Germaniyada ishlaydi. Dastlab 1900 yevro, kasbi tan olingandan keyin 2500 yevro maosh beriladi. Dasturga ikki bosqichli tanlovdan o‘tgan nomzodlar qabul qilinadi.

O‘zbekistonlik o‘rta tibbiyot xodimlari uchun Germaniyadagi klinikalarda 800 ta ish o‘rni taklif etilmoqda. Globogate dasturi doirasida ular Germaniya klinikalarida ishlashga jalb qilinmoqda va loyiha bo‘yicha 800 ta bo‘sh ish o‘rni ajratilgan.
Dastur qatnashchilari Germaniyada ish boshlashdan oldin 10 oylik bepul nemis tili kurslarida o‘qiydi. O‘qish davrida ularga stipendiya, turar joy hamda B2 darajali til sertifikatini olish xarajatlari qoplanadi.
Bundan tashqari, hujjatlarni tarjima qilish va Germaniyada tasdiqlatish, viza hamda aviachipta xarajatlari, shuningdek aeroportdan ish joyigacha transfer ham dastur doirasida bepul ta’minlanadi.
Nomzodlar 20−36 yosh oralig‘ida bo‘lishi, uch yillik tibbiyot kolleji diplomiga ega bo‘lishi, sudlanmagan va sog‘lom bo‘lishi, shuningdek, 10 oylik nemis tili kurslarida o‘qishga tayyor bo‘lishi kerak. Dasturga ikki bosqichli tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tganlar qabul qilinadi.
Germaniyada ish vaqti haftasiga o‘rtacha 39 soatni tashkil etadi. Sinov muddati uch oy. Dastlabki maosh 1900 yevro (2010 dollar), kasb tan olingandan keyin esa 2500 yevro (2650 dollar) bo‘lishi qayd etilgan.
Dasturda qatnashish uchun 15-dekabrga qadar ro‘yxatdan o‘tish mumkin.

