O‘zbekistonga turistlar eng ko‘p qaysi davlatlardan kelmoqda?
2026-yilning yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga turistik maqsadlarda 7,7 mln nafardan ortiq chet el fuqarosi tashrif buyurdi. Turistlar oqimi bo‘yicha Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston yetakchilik qilmoqda.

O‘zbekistonga sayyohlar asosan qaysi mamlakatlardan kelmoqda?
Milliy statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning dastlabki yetti oyida O‘zbekistonga jami 7 749 308 nafar xorijiy fuqaro turistik maqsadlarda tashrif buyurgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,4 million nafarga yoki 22,6 foizga ko‘proqdir.
O‘zbekistonga eng ko‘p sayyoh Qirg‘izistondan kelgan bo‘lib, yetti oy ichida ularning soni 2 177 108 nafarni tashkil etgan. Keyingi o‘rinlarda Qozog‘iston (1 855 562 nafar) va Tojikiston (1 728 978 nafar) qayd etilgan.
Shuningdek, Rossiyadan 710 824 nafar, Afg‘onistondan 281 200 nafar va Xitoydan 269 735 nafar sayyoh O‘zbekistonga tashrif buyurgan. Turkmanistondan kelganlar soni 192 830 nafarni, Turkiyadan esa 111 908 nafarni tashkil etgan. Top-10 ro‘yxatiga Hindiston (32 462 nafar) va Koreya (26 512 nafar) ham kiritilgan.
Shunday qilib, O‘zbekistonga turistik maqsadlarda kelgan xorijliklarning asosiy qismi qo‘shni Markaziy Osiyo davlatlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

