O‘zbekistondan naqd valyutani deklaratsiyasiz olib chiqish miqdori 10 ming dollar etib belgilanadi

O‘zbekistondan naqd xorijiy valyutani deklaratsiyasiz olib chiqish miqdori 10 ming AQSH dollari ekvivalenti etib belgilandi. Bu haqda Prezidentning 28-avgustdagi farmonida ko‘rsatilgan.
Farmon bilan bojxona sohasini isloh qilish, tartib-taomillarni soddalashtirish va jarayonlarni raqamlashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Unga ko‘ra, jismoniy shaxslar tomonidan respublikadan naqd valyutani olib chiqish me’yori 10 ming AQSH dollari ekvivalenti etib belgilanadi. Ushbu miqdordan oshgan hollarda deklaratsiya to‘ldirilishi shart.
Ushbu o‘zgarishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi 2027-yil dekabr oyiga qadar ishlab chiqiladi. Mazkur vazifaning ijrosi uchun Bojxona qo‘mitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank hamda Adliya vazirligi mas’ul etib belgilandi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, jismoniy shaxslar tomonidan olib kirilayotgan va olib chiqib ketilayotgan 100 million so‘m ekvivalentidan ortiq miqdordagi O‘zbekiston naqd valyutasi va (yoki) naqd chet el valyutasi yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish va bojxona organi xodimiga taqdim etish orqali bojxona nazoratidan o‘tkaziladi. Ilgari bu miqdor 70 million so‘mni tashkil etgan edi.

