O‘zbekistondagi birinchi pulli avtomobil yo‘lida yo‘l haqi miqdori ma’lum qilindi

O‘zbekistondagi ilk pulli avtomobil yo‘li – Urganch—Xiva trassasida yo‘l haqi miqdorlari e’lon qilindi. Bu haqda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi matbuot xizmati Spot nashriga ma’lumot berdi.
Yengil avtomobillar (M1 toifasi) uchun Xivadan Urganchga va orqaga to‘liq yo‘nalish bo‘yicha yo‘l haqi 25 ming so‘mni tashkil etadi. Shuningdek, uzunligi 28 km bo‘lgan qisqa yo‘nalish – “Turkmanli” mahallasidan Xivagacha bo‘lgan yo‘l ham mavjud bo‘lib, uning narxi 20 ming so‘m etib belgilangan.
Og‘irligi 3,5 tonnagacha bo‘lgan yengil yuk avtomobillari (N1), 8 nafardan ortiq yo‘lovchiga mo‘ljallangan avtobuslar (M2/M3) hamda og‘irligi 3,5−12 tonna bo‘lgan o‘rta yuk avtomobillari (N2) uchun to‘liq yo‘nalish narxi 40 ming so‘m, qisqa yo‘nalish esa 25 ming so‘m qilib belgilangan.
Yo‘l haqi avtomobillarni to‘xtatmasdan, elektron shaklda undiriladi. Transport oqimi va to‘lov tizimi sun’iy intellektga asoslangan raqamli yechimlar orqali boshqariladi.
Hozirda Urganch—Xiva pulli yo‘lida to‘lov tizimi sinov rejimida ishlamoqda va 25-avgustdan to‘liq ishga tushiriladi. Mobil ilova Google Play va App Store do‘konlarida yuklab olish uchun mavjud bo‘ladi.
Maxsus sayt orqali yo‘l holati, tirbandliklar, taxminiy harakatlanish vaqti va ob-havo sharoitlari haqida ma’lumot olish mumkin. Saytda elektron hamyon ham mavjud bo‘lib, uni DEVHUB kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan VIA uchinchi tomon xizmati orqali yoki bank kartasini ulash orqali to‘ldirish mumkin. Yo‘l haqini qo‘lda to‘lash yoki har bir qatnovdan so‘ng mablag‘ni balansdan avtomatik yechib olish funksiyasini faollashtirish imkoniyati mavjud.
Shuningdek, saytga davlat raqami, toifasi, ishlab chiqaruvchisi, rusumi va rangi ko‘rsatilgan holda transport vositasini qo‘shish mumkin.
Yo‘l belgilariga ko‘ra, pulli trassada maksimal tezlik 150 km/soat (qayrilishlarda 130 km/soat), minimal tezlik esa 40 km/soat etib belgilangan.
Yo‘lda piyodalar, mopedlar, ot-aravalar hamda tirkamali transport vositalarining harakatlanishi taqiqlanadi. Qayrilib olish va to‘xtash ham man etilgan.
Yo‘l qoplamasining yuqori qatlamlarida issiq iqlimga chidamli maxsus modifikatsiyalangan bitum aralashmasidan foydalanilgan. Qoplamaning umumiy qalinligi 87 santimetrni tashkil etadi. 18-avgust kuni Prezident ushbu pulli avtomobil yo‘li bilan tanishib, unda harakatlanib ko‘rgan edi.
5-avgust kuni qabul qilingan “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahririga ko‘ra, pulli avtomobil yo‘lidan harakatlanish uchun to‘lov qat’iy belgilangan bo‘lishi yoki bosib o‘tilgan har bir kilometr uchun hisoblanishi yoxud transport vositalarining toifasi, kunning vaqti, haftaning kuni yoki yilning oyiga qarab tabaqalashtirilishi mumkin.

