O‘zbekistonda yurak klapanini almashtirmasdan davolashga yordam beruvchi implant yaratildi

O‘zbekistonda yurak klapanini almashtirishga hojat qoldirmaydigan, balki uni tiklashga yordam beruvchi mahalliy implant yaratildi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish agentligi ma’lum qildi.
Mazkur implant akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy xirurgiya markazi katta ilmiy xodimi Feruz Turayev boshchiligidagi ilmiy jamoa tomonidan ishlab chiqilgan.
"Flexible BAND" deb nomlangan ushbu implant yurak klapani atrofidagi halqani mustahkamlab, uning faoliyatini tiklashga xizmat qiladi. Natijada, ba’zi holatlarda shikastlangan klapanni to‘liq almashtirish o‘rniga, bemorning o‘z klapanini saqlab qolish va jarrohlik yo‘li bilan tiklash imkoniyati paydo bo‘ladi.
Implantning dastlabki partiyasi ishlab chiqarilib, klinik amaliyotga tatbiq etilgan. Hozirga qadar ushbu texnologiya yordamida 100 dan ortiq bemorda yurak klapanini saqlab qolishga qaratilgan rekonstruktiv operatsiyalar muvaffaqiyatli o‘tkazilgan.
Xabarda aytilishicha, "Texnologiya Andijon, Farg‘ona, Jizzax va Xorazm viloyatlaridagi kardiologiya markazlarida ham qo‘llanilmoqda".
Loyiha rahbari Feruz Turayevning so‘zlariga ko‘ra, ilgari bunday operatsiyalarda qo‘llaniladigan tayanch halqalar va implantlarning aksariyati AQSH va Rossiyadan olib kelingan. Ushbu mahalliy implant xorijiy analoglardan arzonligi hamda O‘zbekistondagi tibbiy amaliyot sharoitlariga moslashtirilgani bilan ajralib turadi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, mahalliy implantdan foydalanish xorijiy protez va halqalarni xarid qilish uchun sarflanadigan mablag‘larni 3–5 barobarga kamaytirish imkonini bergan.
Loyiha doirasida mitral klapan plastikasida sun’iy qon aylanishini amalga oshirish protokoli ham takomillashtirilgan, shuningdek, operatsiya vaqtida anesteziologik yondashuvlarni optimallashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Avvalroq o‘zbekistonlik olimlar havo va suvni tozalashga mo‘ljallangan o‘ta yengil material yaratgani haqida xabar berilgan edi. Fanlar akademiyasi olimlari tomonidan ishlab chiqilgan aerogel havodagi zararli gazlar hamda suvdagi ifloslantiruvchi moddalarni yutish xususiyatiga ega.

