O‘zbekistonda yerlarning atigi 9,8 foizi sug‘oriladi
Yer munosabatlarini tartibga solish, yerlardan belgilangan maqsadda va samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Yer

O‘zbekistonda yerlarning faqat 9,8 foizi sug‘oriladi
O‘zbekiston Respublikasining jami yer maydoni 44 million 892,3 ming gektarni tashkil etadi. Shundan 4 million 392,8 ming gektari sug‘oriladigan yerlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bu esa mamlakatdagi umumiy yer maydonining atigi 9,8 foizi sug‘oriladigan yerlar ekanini anglatadi. Aholi soni 39 million nafardan oshganini inobatga olsak, har bir kishiga o‘rtacha 11 sotixdan sal ko‘proq sug‘oriladigan yer to‘g‘ri keladi.
Mazkur raqamlar yer resurslaridan oqilona va samarali foydalanish masalasi O‘zbekiston uchun naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Ayniqsa, sug‘oriladigan yerlar ulushining cheklangani ularni muhofaza qilish, unumdorligini saqlash va maqsadli foydalanishni talab etadi.
Yer munosabatlarini tartibga solish, yerlardan belgilangan maqsadda va samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksi qabul qilingan. Bundan tashqari, sohani tartibga soluvchi bir qator farmon va qarorlar ham amal qiladi.
Yer kodeksining 8-moddasiga ko‘ra, respublika yer fondi foydalanish maqsadi va huquqiy tartibiga binoan 8 ta toifaga bo‘linadi.
Ular — qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar, aholi punktlari yerlari, sanoat va transport maqsadlariga mo‘ljallangan yerlar, tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar, tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish va rekreatsiya maqsadlariga mo‘ljallangan yerlar, suv fondi yerlari, o‘rmon fondi yerlari hamda davlat zaxira yerlaridir.
Har bir toifadagi yerdan foydalanish tartibi va maqsadi alohida belgilangan. Bu esa yerlarni asrash, noqonuniy yoki maqsadsiz foydalanishning oldini olish hamda ularning iqtisodiy samaradorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Aholi soni va iqtisodiyot ehtiyojlari ortib borayotgan sharoitda yer, ayniqsa sug‘oriladigan maydonlar strategik resurs sifatida yanada katta ahamiyat kasb etmoqda. Shu sababli mavjud yer maydonlaridan samarali foydalanish, ularning meliorativ holatini yaxshilash va unumdorligini saqlash dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.

