Siyosat

O‘zbekistonda xususiylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqilmasligi belgilandi

17-avgust kuni imzolangan qonun bilan, O‘zbekiston Respublikasining uchta qonuniga aynan bir xil qo‘shimcha kiritildi: xususiylashtirish natijalarini qayta ko‘rib chiqish, haqiqiy emas deb topish va bekor qilish masalalari yuzasidan tashabbus bilan chiqish xususiy mulkning daxlsizligini buzish deb baholanadi hamda bunday ishlar ko‘rib chiqish uchun qabul qilinmaydi.

O‘zbekistonda xususiylashtirish natijalarini qayta ko‘rib chiqishga doir tashabbuslar taqiqlandi.

Prezident tomonidan 17-avgust kuni imzolangan qonunga asosan, bir qator qonunlarga quyidagi qo‘shimcha kiritildi:

"Xususiylashtirish natijalarini, jumladan, ob’yektlarning qiymatini baholash hamda baholashga oid hisobotning ishonchliligini ekspertizadan o‘tkazish natijalarini qayta ko‘rib chiqish, haqiqiy emas deb topish va bekor qilish masalalari yuzasidan davlat organlari, shu jumladan nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar tomonidan tashabbus bilan chiqish xususiy mulkning daxlsizligini buzish deb baholanadi hamda bunday ishlar ko‘rib chiqish uchun qabul qilinmaydi".

Ushbu qoida "Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida"gi, "Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida"gi hamda "Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida"gi qonunlarga ham kiritildi.

Qonun rasmiy e’lon qilinganidan uch oy o‘tgach, ya’ni 2026-yil 18-iyuldan kuchga kiradi.

Ma’lumot uchun, shunga o‘xshash norma 2017-yil 17-yanvardagi 4633-sonli prezident farmonida ham belgilangan edi. Ushbu farmonga ko‘ra, davlat organlari, jumladan nazorat, huquqni muhofaza qilish organlari va sudlar tomonidan xususiylashtirish natijalarini, shu jumladan, ob’yektlar qiymatini baholash natijalarini qayta ko‘rib chiqish va bekor qilish masalalarini o‘rtaga qo‘yish taqiqlangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.