O‘zbekistonda xorijga olib chiqib ketilgan madaniy boyliklarni qaytarish bo‘yicha komissiya tuziladi

O‘zbekistonda xorijga olib chiqib ketilgan madaniy boyliklarni qaytarish uchun komissiya tashkil etiladi
O‘zbekistondan turli tarixiy davrlarda olib chiqib ketilgan noyob tarixiy yodgorliklar, arxeologik topilmalar, nodir qo‘lyozmalar va san’at asarlarini aniqlash hamda ularni mamlakatga qaytarish maqsadida prezident huzurida madaniy boyliklarni repatriatsiya qilish bo‘yicha komissiya tuziladi.
Shavkat Mirziyoyev tanishgan taqdimotda aytilishicha, komissiyaning asosiy vazifasi xorijga olib chiqib ketilgan madaniy boyliklarni tizimli ravishda izlash, ularni huquqiy jihatdan himoya qilish va O‘zbekistonga qaytarishdan iborat bo‘ladi. Shu bilan birga, madaniy merosni muhofaza qilishning yangi mexanizmlarini joriy etish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda 2027–2035-yillarga mo‘ljallangan Madaniy merosni rivojlantirish strategiyasi bo‘yicha takliflar ham taqdim etildi. Hujjatda moddiy va nomoddiy merosni asrab-avaylash, madaniy boyliklarni repatriatsiya qilish, tabiiy merosni muhofaza qilish, restavratsiyani rivojlantirish va sohani raqamlashtirishga qaratilgan dasturlar nazarda tutilmoqda.
Madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish uchun so‘nggi yillarda davlat byudjetidan 466,4 milliard so‘m ajratilgan. 305 ta loyiha-smeta hujjati tayyorlanib, 55 ta obyekt bo‘yicha ishlar yakunlangan, yana 152 ta obyektda restavratsiya davom etmoqda.
Shuningdek, Samarqanddagi Bibixonim majmuasini konservatsiya va restavratsiya qilish loyihasi ham muhokama qilindi. U Aga Khan Trust for Culture bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida yodgorlikni hujjatlashtirish va tadqiq etish, arxeologik hamda muhandislik tekshiruvlari, materiallar tahlili va konstruktiv modellashtirish ishlari olib boriladi.
Keyingi bosqichlarda asosiy gumbaz va unga tutash inshootlarni konservatsiya qilish, hududni obodonlashtirish hamda muzey ekspozitsiyasini yaratish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, Ichanqal’a muzey-qo‘riqxonasi hududida “Olloqulixon karvonsaroyi” savdo markazini tashkil etish loyihasi ko‘rib chiqildi. U tarixiy obyektlar atrofidagi tartibsiz savdo nuqtalarini tartibga solish, hunarmandlar uchun sharoit yaratish va yangi turistik nuqta shakllantirishga qaratilgan. Prezident taqdim etilgan takliflarni takomillashtirish va ularning amaliy ijrosini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

