O‘zbekistonda xalqaro kurerlik jo‘natmalari uchun bojxona yig‘imi stavkasi 20 foizga pasaytiriladi
O‘zbekistonda 1-noyabrdan xalqaro kurerlik jo‘natmalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazganlik uchun amaldagi bojxona yig‘imi stavkasi 20 foizga pasaytiriladi. Hozirda bu miqdor 1 kg uchun BHM 2 foizi — 8800 so‘mga teng, 1-noyabrdan 7 040 so‘m/kg bo‘ladi.

O‘zbekistonda xalqaro kurerlik jo‘natmalari uchun bojxona yig‘imi 20 foizga kamaytiriladi
O‘zbekistonda 2026-yil 1-noyabrdan xalqaro kurerlik jo‘natmalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish uchun amaldagi bojxona yig‘imi stavkasi 20 foizga pasaytiriladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining “Transport-logistika tizimini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori [PQ-368-son] qabul qilindi.
Hozirda xalqaro kurerlik jo‘natmalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazganlik uchun amaldagi bojxona yig‘imi stavkasi 1 kg brutto vazn uchun Bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 2 foizini tashkil etadi.
2026-yil 1-sentabrdan BHM 440 000 so‘m etib belgilangani sababli, bu miqdor 1 kg uchun 8800 so‘mga teng.
2026-yil 1-noyabrdan stavka 20 foizga pasaytirilgach, yig‘im miqdori 1 kg uchun BHMning 1,6 foiziga, ya’ni joriy BHM bo‘yicha 7 040 so‘m/kg ga tushadi.
Avvalroq 2027-yil 1-yanvardan jismoniy shaxslar tomonidan bojsiz olib kirish me’yorlaridan ortiqcha olib kiriladigan tovarlar uchun yagona bojxona to‘lovi stavkasi 30 foizdan 20 foizga tushirilgandi.
Masalan, agar shaxs O‘zbekistonga uchib kelib, qiymati 1300 dollarlik iPhone olib kirsa, aviayo‘lovchi uchun bojsiz limit 1000 dollarni tashkil etadi. Bojxona to‘lovlari ortiqcha summaga — ushbu holatda 300 dollarga hisoblanadi.
Hozirda 30 foizlik stavkada yagona bojxona to‘lovi 90 dollarni tashkil etgan bo‘lardi: $300×30% = $90.
2027-yil 1-yanvardan boshlab 20 foizlik stavkada o‘sha telefon uchun 60 dollar to‘lash kerak bo‘ladi: $300×20% = $60.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 1-maydan hukumat jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni bojsiz olib kirish me’yorlarini kuchaytirgan edi.
Bundan tashqari, jismoniy shaxs nomiga xalqaro kurerlik jo‘natmalarida keladigan tovarlar uchun me’yor chorakda 1000 dollardan oyiga 200 dollargacha qisqartirilgan edi.
20-iyuldan boshlab fuqarolar bojsiz limitdan foydalanish uchun, agar piyoda yoki avtomobilda qaytayotgan bo‘lsalar — kamida 2 kun, samolyotda qaytayotgan bo‘lsalar — kamida 3 kun chet elda bo‘lishlari kerak.
Hukumat, shuningdek, shaxsiy foydalanish uchun biologik faol qo‘shimchalar (BFQ) olib kirishga limitlar joriy etgandi.
Tamaki va parfyumeriya mahsulotlari uchun bojsiz chegara ham qayta ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, yangi mobil qurilma olib kirilganda (hatto shaxsiy foydalanish uchun bo‘lsa ham) yo‘lovchilar bojxona deklaratsiyasini to‘ldirishlari shart qilib qo‘yilgandi (telefon qiymatidan qat’i nazar), aks holda uni UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazishda boj (to‘liq qiymatning 30 foizi, endi 20 foizi) to‘lashga to‘g‘ri keladi.

