O‘zbekistonda voyaga yetmaganlar orasida sudlanganlar olti oyda 9,1 foizga ko‘paydi

O‘zbekistonda voyaga yetmaganlar orasida sudlanganlar olti oyda 9,1 foizga oshdi
Oʻzbekistonda 2026-yilning birinchi yarmida sudlangan voyaga yetmaganlar soni 9,1 foizga koʻpaydi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Tahlillarga ko‘ra, olti oy ichida 1 370 nafar voyaga yetmagan shaxs sudlangan. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning shu davriga nisbatan 115 nafarga, ya’ni 9,1 foizga yuqori.
Sudlanganlarning 232 nafari, ya’ni jami sudlanganlarning 16,9 foizi ozodlikdan mahrum etilgan. Yana 239 nafari (17,4 foiz) jarimaga tortilgan. Bundan tashqari, 815 nafar sudlanuvchi (59,5 foiz) ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingan, 25 nafari esa axloq tuzatish ishlariga yuborilgan.
Yarim yil davomida sudlangan voyaga yetmaganlardan 520 nafari jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan. Yana 101 nafarining jazosi yengilroq jazoga almashtirilgan, 646 nafari esa ishlari yarashuv asosida tugatilgan shaxslar hisoblanadi.
Oliy sud ma’lumotiga ko‘ra, birinchi yarim yillikda jami 40 696 ta jinoyat ishi doirasida 49 705 kishi sudlangan. Jinoyatlarning uchdan bir qismi og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘lgan. Hisobot davrida 11 ming 703 kishi ozodlikdan mahrum etilgan.

