O‘zbekistonda tovarlar va xizmatlar uchun naqd pul to‘lovlari limiti 176 mln so‘mgacha oshiriladi
O‘zbekistonda naqd puldagi hisob-kitoblarning maksimal miqdori 176 mln so‘mgacha oshiriladi. Hozirda “qimmatbaho” tovar va xizmatlar uchun 25 mln so‘mlik cheklov amalda. Istisnolar faqat naqd pulsiz shaklda to‘lanadigan kategoriyalar, jumladan, mashina, uy-joy, alkogol, tamaki va yonilg‘i uchun saqlanib qoladi.

O‘zbekistonda tovar va xizmatlar uchun naqd pulda to‘lov qilishning yuqori chegarasi 176 million so‘mga ko‘tariladi. Bu o‘zgarish Prezidentning 27-avgust kuni tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan 6-ochiq muloqot vazifalarini bajarishga qaratilgan farmonida belgilangan.
Hujjatda Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, shuningdek, Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligining takliflari ma’qullangan. Ushbu takliflar orasida tovar va xizmatlar uchun naqd pulda hisob-kitob qilishning maksimal miqdorini 400 BHM (176 million so‘m) etib belgilash ham mavjud. Eslatib o‘tamiz, 1-apreldan boshlab naqd pulda hisob-kitob qilish mumkin bo‘lgan tovar va xizmatlarning maksimal qiymati 25 million so‘m edi.
Shunday qilib, yangi cheklov yetti baravardan ko‘proqqa oshirilmoqda. Ammo bu cheklov qonunchilikda faqat naqd pulsiz shaklda to‘lanishi belgilangan tovar va xizmatlarga taalluqli emas.
Umuman olganda, ushbu hujjatda biznes xarajatlarini kamaytirish, tekshiruvlarni qisqartirish, tadbirkorlar himoyasini kuchaytirish va ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirish bo‘yicha choralar ko‘zda tutilgan.

