Mahalliy

O‘zbekistonda tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kunini birgalikda nishonlash ko‘rib chiqilmoqda

Qonunchilik palatasi Tibbiyot xodimlari kunini Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni deb qayta nomlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini qabul qilib, Senatga yubordi. Bayram noyabr oyining ikkinchi yakshanbasida nishonlanadi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil noyabrida ilgari surgan tashabbusidir.

O‘zbekistonda tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kunini birgalikda nishonlash masalasi ko‘rib chiqilmoqda

20-oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kunini belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qilib, uni Senatga yubordi.

Mazkur qonun loyihasi O‘zbekiston prezidentining tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan uchrashuvida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan.

Hujjat bilan “O‘zbekiston Respublikasi Tibbiyot xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirish kiritish taklif etilmoqda. Unga ko‘ra, qonun matnidagi “tibbiyot xodimlari” degan so‘zlar “tibbiyot va farmatsevtika xodimlari” degan so‘zlar bilan almashtiriladi. Shuningdek, noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi O‘zbekiston Respublikasi Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni etib belgilanadi.

Qonun loyihasini palatada taqdim etgan Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Baxtiyor Ortiqovning aytishicha, hujjat farmatsevtika xodimlarining jamiyatdagi mavqeini oshirish, aholiga sifatli farmatsevtika xizmatlarini ko‘rsatayotgan mutaxassislar mehnatini munosib qadrlashga qaratilgan.

Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda O‘zbekistonda 50 mingdan ortiq farmatsevtika mutaxassisi faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, 504 ta farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi, 478 ta distribyutor tashkilot va 14 mingdan ortiq dorixona ishlamoqda.

Qo‘mita raisining o‘rinbosari amaldagi qonunda faqat tibbiyot xodimlari kuni belgilangani, farmatsevtika xodimlari esa alohida tilga olinmaganini ta’kidladi. Uning aytishicha, taklif etilayotgan o‘zgartirishlar “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida"gi hamda “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida"gi qonunlarda qo‘llaniladigan tushunchalar bilan uyg‘unlikni ta’minlaydi.

Qonun loyihasining qabul qilinishi davlat budjetidan qo‘shimcha mablag‘ talab etmaydi.

Muhokama chog‘ida Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi a’zosi Zafar Xudoyberdiyev farmatsevtika xodimlari kunini tibbiyot xodimlari kuni bilan birlashtirish sabablariga qiziqdi.

U tushuntirish xatida xorijiy tajriba o‘rganilgani, ayrim davlatlarda farmatsevtika xodimlari kuni alohida nishonlanishi keltirilganini eslatdi. Deputat xalqaro tajribada 25-sentabr farmatsevtlar kuni sifatida nishonlanishini qayd etib, O‘zbekistonda ham alohida bayram kuni belgilash imkoniyati ko‘rib chiqilmagani sababini so‘radi.

Baxtiyor Ortiqov bunga javoban, amaldagi qonunchilikda tibbiyot va farmatsevtika xodimlari tushunchalari birgalikda qo‘llanilishini aytdi. Shu sababli loyihada ikki toifa xodimlari uchun umumiy bayram kuni belgilash taklif etilganini tushuntirdi.

Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov ham masalaga munosabat bildirib, tibbiyot va farmatsevtika o‘zaro yaqin, bir-birini to‘ldiruvchi sohalar ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, ular uchun umumiy bayram kuni belgilashning o‘zi noto‘g‘ri emas. Biroq deputatning xalqaro tajriba va farmatsevtika xodimlari kunini alohida belgilash masalasi bo‘yicha savoli o‘rinli.

Spiker qonun loyihasini ishlab chiqqanlar xalqaro tajribaga tayanayotgan bo‘lsa, nima uchun O‘zbekistonda boshqa yondashuv tanlanganiga ham aniq javob berish kerakligini aytdi.

Qonun loyihasi birinchi o‘qishda ma’qullanganidan keyin ikkinchi o‘qishga tayyorlandi. Muhokamada hujjat nomiga yuridik-texnik o‘zgartirishlar kiritilgani tushuntirildi.

Deputatlar qonun loyihasining moddalarini ko‘rib chiqib, uni ikkinchi o‘qishda qabul qilishni ma’qulladi. So‘ng hujjatni Senatga yuborish to‘g‘risidagi qaror ham ovozga qo‘yilib, qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yil noyabr oyida Shavkat Mirziyoyev Toshkent davlat tibbiyot universitetiga tashrifi chog‘ida Tibbiyot xodimlari kunini Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni deb qayta nomlashni taklif qilgan edi.

Prezident tibbiyot va farmatsevtika o‘zaro chambarchas bog‘liq sohalar ekanini ta’kidlab, ushbu bayramni birgalikda nishonlash tashabbusini ilgari surgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.