Siyosat

O‘zbekistonda tergov sudyalariga yangi vakolatlar beriladi

O‘zbekistonda tergov sudyalariga 2027-yil 1-iyuldan boshlab yangi vakolatlar berilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda “Odil sudlov – 2030” strategiyasini amalga oshirishga qaratilgan prezident farmonida belgilangan.

Ushbu o‘zgarishlarga ko‘ra, tergov sudyalari shaxsni ushlab turishning qonuniyligi va asosliligini, shuningdek, gumon qilish yoki ayblov e’lon qilish uchun asoslar yetarliligini tekshirish huquqiga ega bo‘ladi.

Farmonda jinoyat protsessining sudga qadar ish yuritish bosqichida “asosli gumon” — Prima Facie xalqaro standartini joriy etish ko‘zda tutilgan. Tergov sudyasi protsessual majburlov choralarini qo‘llash yoki bunga sanksiya berish haqidagi iltimosnomani ko‘rib chiqishda shaxsni ushlab turishning qonuniyligi va asosliligini tekshiradi.

Shuningdek, gumon qilish yoki ayblov e’lon qilish uchun asoslar yetarli emasligi yuzasidan shubha tug‘ilgan taqdirda, tergov siri ta’minlangan holda qo‘shimcha hujjatlarni talab qilish vakolati ham beriladi.

Farmonda mazkur vakolatlarni tergov sudyalariga berishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini tayyorlash va kiritish vazifasi ham belgilangan. Shu bilan birga, shaxsning konstitutsiyaviy huquqlarini bevosita cheklash bilan bog‘liq tezkor-qidiruv tadbirlariga sanksiyani sudlar tomonidan berish masalasini qonunchilikda mustahkamlash ko‘zda tutilgan.

Mazkur o‘zgarishlar tergov va surishtiruv bosqichida shaxslarning huquqlarini sud orqali himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirishga qaratilgan. Farmonda bu yo‘nalish “inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimi”ni barpo etish strategiyasining bir qismi sifatida belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev sud-huquq islohotlarining natijalari va sohadagi ustuvor vazifalarni muhokama qilish yuzasidan sud tizimi rahbarlari bilan uchrashgandi. Unda sudlar faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan “Odil sudlov – 2030” strategiyasi loyihasi taqdim etilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.