O‘zbekistonda tajriba tariqasida “Yashil AI” moduli ishga tushiriladi

O‘zbekistonda tajriba asosida “Yashil AI” moduli ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda
O‘zbekistonda ko‘kalamzorlashtirish ishlarini sun’iy intellekt yordamida rejalashtirish va kuzatish tizimini joriy etish mumkin. “Yashil makon” loyihasi doirasida “Yashil AI” modulini tajriba tariqasida ishga tushirish taklifi bildirildi.
Shavkat Mirziyoyev tanishgan “Yashil makon” umummilliy loyihasini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha taqdimotda qayd etilishicha, ushbu tizim orqali hududlarning tuproq tarkibi, iqlimi va suv ta’minoti tahlil qilinib, ko‘chat ekish uchun eng maqbul maydonlar hamda ularga mos daraxt turlari yuzasidan tavsiyalar shakllantirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, “Yashil AI” yordamida ko‘chatlarning qurishi, suv tanqisligi, kasallik va zararkunandalar xavfini erta aniqlash mumkin bo‘ladi. Aniqlangan muammolar bo‘yicha mas’ullarni ogohlantirish va ko‘kalamzorlashtirish natijalarini yagona xaritada kuzatish imkoniyati yaratish rejalashtirilmoqda.
Taqdimotda sun’iy intellektdan tashqari, hududlarga mos sog‘lom ko‘chatlarni ko‘paytirish uchun “in-vitro” laboratoriyalari va zamonaviy ko‘chatxonalar tashkil etish taklif qilindi. Suvni ko‘p talab qiladigan manzarali gazonlarni bosqichma-bosqich qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklarga almashtirish ham ko‘zda tutilmoqda.
Mahallalarda “yashil reyting” tizimini joriy etish ham rejalashtirilmoqda. Reytingda yashil maydonlar ulushi, aholi soniga nisbatan daraxtlar soni, yangi ko‘chatlarning yashovchanligi va aholining ko‘kalamzorlashtirishdagi ishtiroki hisobga olinadi. Yuqori ko‘rsatkichga ega mahallalarni qo‘shimcha mablag‘ va “yashil” loyihalar uchun mikrograntlar bilan rag‘batlantirish taklif etilmoqda.
Hududlarga qarab alohida ko‘kalamzorlashtirish loyihalari ham ishlab chiqilgan. Jumladan, Toshkentning Yangihayot tumanida mahalla va jamoat bog‘lari, soya-salqin sayr ko‘chalari hamda sanoat korxonalari atrofida “yashil belbog‘”lar yaratish rejalashtirilmoqda. Sizot suvlarini yig‘ib, sug‘orishda qayta ishlatish, suv o‘tkazuvchan qoplamalardan foydalanish va organik chiqindilardan kompost tayyorlash kabi yechimlar ham ko‘zda tutilgan.
Buxoroning Olot tumanida cho‘l sharoitiga mos va suvni kam talab qiladigan o‘simliklar hisobiga yashil qoplamani kengaytirish, mahalliy ko‘chatchilikni rivojlantirish, dendrologiya bog‘i va sho‘rga chidamli o‘simliklar bog‘ini tashkil etish taklif qilindi. Yo‘l va kanallar bo‘yida himoya daraxtzorlarini barpo etish ham rejalashtirilmoqda.
Samarqandning Urgut tumanida esa tog‘ va tog‘oldi sharoitiga mos ko‘kalamzorlashtirish, dendrologiya bog‘i va jamoat parklarini tashkil etish, sanoat zonalari hamda temiryo‘l atrofida “yashil belbog‘”lar yaratish ko‘zda tutilgan. “Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘ida mahalliy daraxt va buta urug‘lari asosida tabiiy o‘simlik qoplamini tiklash choralari ham taklif etilgan.
Shuningdek, hududlarni ko‘kalamzorlashtirishda “3-30-300” tamoyili asosida ish olib borish taklif qilindi. Unga ko‘ra, har bir inson yashash, ishlash yoki o‘qish joyidan kamida uchta daraxtni ko‘ra olishi, hududning kamida 30 foizi daraxtlar soyasi bilan qoplanishi va yashil dam olish hududi uyidan 300 metr masofada joylashishi ko‘zda tutiladi.
Mazkur takliflar “Yashil makon” loyihasini daraxt ekishdan tashqari, ularni tanlash, sug‘orish, parvarishlash va holatini monitoring qilishning yagona tizimiga o‘tkazishga qaratilgan.

