O‘zbekistonda sotuvchida aynan shunday mahsulot bo‘lsa, nuqsonli tovarni darhol almashtirib berish tartibi belgilanmoqda
O‘zbekistonda sotuvchida aynan shunday markali tovar mavjud bo‘lsa, nuqsonli mahsulotni 7 kunda emas, darhol almashtirib berish tartibi joriy etilmoqda. Shuningdek, tovar sifatini qo‘shimcha tekshirish shartlari, iste’molchining unda ishtirok etish huquqi va xarajatlarni qoplash tartibi aniq belgilandi.

O‘zbekistonda sotuvchida aynan shunday mahsulot mavjud bo‘lsa, nuqsonli tovarni zudlik bilan almashtirish tartibi joriy etilmoqda
O‘zbekistonda iste’molchi tovarning ishlab chiqarilishi, tuzilishi yoki tarkibida nuqson aniqlagan taqdirda, agar sotuvchida (ishlab chiqaruvchida) aynan shunday markali mahsulot bo‘lsa, uni darhol almashtirib berish majburiyati yuklanmoqda. Senat tegishli norma belgilangan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 14-moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonunni ma’qulladi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, iste’molchi tovarda ishlab chiqarish, tuzilish, tarkib yoki boshqa nuqsonlarni aniqlasa, sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) uni ayni shunday markali, modelli yoki artikulli tovarga 7 kun ichida almashtirishi kerak. Agar tovar sifatini qo‘shimcha tekshirish talab etilsa, bu muddat 20 kungacha uzaytiriladi.
Yangi tartibga binoan, agar sotuvchida ayni shunday sifatli tovar mavjud bo‘lsa, nuqsonli mahsulot darhol almashtiriladi.
Sotuvchi yoki ishlab chiqaruvchi nuqsonli tovar sifatini qo‘shimcha tekshirishi zarur bo‘lgan holatlar ham alohida belgilanadi. Iste’molchi yoki uning vakili tovar sifatini tekshirish jarayonida ishtirok etish, tekshiruv vaqti va joyi haqida oldindan xabardor qilinishini talab qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, iste’molchi tovar sifatini o‘z mablag‘i hisobidan mustaqil ravishda qo‘shimcha tekshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bunday tekshiruv xarajatlarini sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) yoki iste’molchi qoplashi mumkin bo‘lgan holatlar ham qonun bilan belgilanadi.
Qo‘shimcha tekshiruv Vazirlar Mahkamasi belgilagan talablar asosida o‘tkaziladi.
Mazkur o‘zgarishlarga ehtiyoj iste’molchilar murojaatlarida ham ko‘rinishi qayd etildi. 2025-yilda Raqobat qo‘mitasiga iste’molchilardan 53 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Ularning 12 136 tasi savdo sohasiga taalluqli bo‘lib, qariyb 6 mingta murojaat nuqsonli mahsulotlar bilan bog‘liq bo‘lgan.
Ayrim holatlarda sotuvchilar nuqsonli tovarni almashtirishni rad etgan yoki peshtaxtada ayni shunday tovar mavjud bo‘lishiga qaramay, almashtirish muddatini asossiz ravishda 7 kunga cho‘zgan.
Qonun qabul qilinishi bilan iste’molchining huquqlari mustahkamlanishi, sotuvchilarning tovar sifatini qo‘shimcha tekshirish bahonasi bilan almashtirish muddatini asossiz cho‘zishining oldi olinishi kutilmoqda. Shuningdek, tadbirkorlarning mahsulot sifati uchun javobgarligi kuchaytiriladi.

