O‘zbekistonda sakkiz oyda giyohvandlik bilan bog‘liq 12 mingdan ortiq jinoyat aniqlandi

O‘zbekistonda sakkiz oy ichida giyohvandlik bilan bog‘liq 12 mingdan ortiq jinoyat fosh etildi
2026-yilning sakkiz oyida O‘zbekistonda giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq 12 104 ta jinoyat hamda 1 410 ta ma’muriy huquqbuzarlik aniqlangan. Bu haqda Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi ma’lum qildi.
Hisobot davrida 89 ta yirik narkojinoiy guruhning faoliyatiga chek qo‘yilgan. Ulardan 1,4 tonna an’anaviy va 61,7 kilogramm sintetik giyohvandlik vositalari, shuningdek, 4,6 million dona psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar olib qo‘yilgan. Tezkor hamda profilaktik tadbirlar natijasida jami 2 tonna 708 kilogramm giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi to‘xtatilgan.
Shuningdek, 15 ta onlayn narko-do‘kon faoliyati tugatilib, 630 mingdan ortiq obunachiga ega 1 911 ta internet resursi bloklangan. Ular orasida 609 ta Telegram-bot, 1 004 ta yopiq va 298 ta ochiq kanal, guruh hamda chatlar bor. Sintetik narkotiklar tayyorlashda ishlatiladigan 10,5 tonna prekursor musodara qilinib, 18 ta noqonuniy narko-laboratoriya fosh etilgan.
Narkojinoyat sodir etgan 7 316 nafar shaxs ushlangan. Ularning 77 nafari voyaga yetmaganlar, 607 nafari ayollar, 2 346 nafari yoshlar, 1 296 nafari muqaddam sudlanganlar va 610 nafari ishsizlardan iborat. 127 nafar xorij fuqarosining ham bunday jinoyatlarga aloqadorligi aniqlangan.
Giyohvandlikning oldini olish doirasida aholiga, ayniqsa yoshlarga qaratilgan 831,6 mingta targ‘ibot va tarbiyaviy-profilaktik tadbir o‘tkazilgan. Ularga 17,2 million nafar aholi, jumladan 11,6 million nafar yosh jalb etilgan. OAV va internetda giyohvandlik hamda narkojinoyatlarning oqibatlari haqida 209,1 mingta material yoritilgan.
Holat yuzasidan jinoiy guruhga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

