O‘zbekistonda Qozog‘istondan tezroq o‘syapti, ammo tafovut qisqargani yo‘q — Jahon banki aholi jon boshiga daromadlar haqida

O‘zbekistonda o‘sish sur’ati Qozog‘istondagidan yuqori, biroq tafovut kamaygani yo‘q — Jahon banki aholi jon boshiga daromadlar haqida
Jahon banki Markaziy Osiyoning iqtisodiy ko‘rsatkichlari tahlil qilingan yangi hisobotni e’lon qildi. Unda 2025-yil yakunlariga ko‘ra, Qozog‘iston va Turkmanistonda aholi jon boshiga daromad o‘rtachadan yuqori ekani qayd etilgan. O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston esa hozircha o‘rtachadan past daromadli davlatlar safida qolmoqda.
Shu bilan birga, Jahon banki mutaxassislari mintaqaning barcha besh davlati so‘nggi 20 yil ichida kamida bir pog‘ona yuqorilagan degan xulosaga kelgan.
Jahon banki har yili mamlakatlar iqtisodiyotini aholi jon boshiga yalpi milliy daromad (YMD) hajmiga qarab to‘rt guruhga ajratadi. Biroq bu ko‘rsatkichni o‘rtacha ish haqi yoki mamlakat aholisi qo‘liga tegadigan real daromad bilan adashtirmaslik kerak. Bu yerda iqtisodiyotning aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi milliy daromadi nazarda tutiladi.
Tashkilot mamlakatlarni taqqoslashda Atlas usulidan foydalanadi. Ushbu metod valyuta kurslaridagi keskin o‘zgarishlar natijaga haddan tashqari ta’sir qilishining oldini olishga yordam beradi.
YMDni milliy valyutadan AQSH dollariga o‘tkazishda joriy yil hamda undan oldingi ikki yildagi valyuta kurslari hisobga olinadi. Bundan tashqari, mamlakatdagi ichki inflyatsiya bilan xalqaro inflyatsiya o‘rtasidagi tafovut ham e’tibordan chetda qolmaydi. Shundan so‘ng dollar hisobidagi YMD yil o‘rtasidagi aholi soniga bo‘linadi.
Natijada milliy valyutaning qisqa muddatli keskin qadrsizlanishi yoki mustahkamlanishi mamlakatning xalqaro reytinglardagi o‘rniga bevosita va keskin ta’sir ko‘rsatmaydi.
Daromad guruhlari uchun chegaralar
2025-yil holatiga ko‘ra, Jahon banki mamlakatlarni daromadlar miqdoriga qarab quyidagi guruhlarga ajratgan:
- 1,2 ming dollargacha — past daromadli;
- 1,2 ming dollardan 4,6 ming dollargacha — o‘rtachadan past daromadli;
- 4,6 ming dollardan 14,4 ming dollargacha — o‘rtachadan yuqori daromadli;
- 14,4 ming dollardan baland — yuqori daromadli.
Biroq yuqoridagi chegaralar o‘zgarmas emas. Jahon banki ularni har yili xalqaro inflyatsiya darajasini hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqadi. Shu sababli mamlakatda yalpi milliy daromad ko‘rsatkichlari oshgan taqdirda ham bu uning yuqoriroq guruhga o‘tishini kafolatlamaydi.
Dunyo bo‘yicha eng yuqori va eng past ko‘rsatkichlar
Atlas usuli asosidagi hisob-kitoblarga ko‘ra, 2025-yilda dunyo bo‘yicha aholi jon boshiga daromad o‘rtacha 14,2 ming dollarni tashkil etgan. Ushbu ro‘yxatda eng yuqori ko‘rsatkich 110,3 ming dollar bilan Shveysariyaga tegishli bo‘lgan. Keyingi o‘rinlarni Norvegiya (97,3 ming), Lyuksemburg (95,7 ming), Islandiya (89,2 ming) va AQSH (88,8 ming dollar) egallagan.
Eng yuqori ko‘rsatkichga ega mamlakatlarning kuchli o‘nligiga, shuningdek, Irlandiya, Singapur, Daniya, Qatar va Niderlandiya kirgan. E’tiborlisi, aholi jon boshiga daromadi eng yuqori bo‘lgan 10 mamlakatning yettitasi Yevropada joylashgan. Ro‘yxatning quyi qismida esa vaziyat butunlay boshqacha.
Liberiya va Syerra Leoneda aholi jon boshiga YMD 830 dollar, Nigerda 750 dollar, Kongo Demokratik Respublikasida 720 dollar, Somalida esa 640 dollarni tashkil etgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bundan ham pastroq ko‘rsatkichlar Malavi, Mozambik, Markaziy Afrika Respublikasi, Madagaskar va Burundida qayd etilgan. Bu ro‘yxatning eng quyi pog‘onalaridan joy olgan 11 davlatning 10 tasi Afrika qit’asiga mansub.
Olti mamlakat yuqoriroq daromad guruhiga ko‘tarildi
Jahon bankining so‘nggi hisobotiga ko‘ra, bir vaqtning o‘zida oltita davlat yuqoriroq daromad guruhiga o‘tgan. E’tiborlisi, hech bir mamlakat quyi guruhga tushib ketmagan. Iordaniya, Mikroneziya, Filippin, Shri Lanka va Vyetnam o‘rtachadan past daromadli guruhdan o‘rtachadan yuqori daromadli guruhga ko‘tarilgan. Togo esa past daromadli guruhdan o‘rtachadan past daromadli guruhga o‘tgan. Bunday o‘zgarishlar turli sabablar bilan izohlanadi.
Vyetnamda iqtisodiyot, xususan, eksportning tez o‘sishi asosiy omillardan biri bo‘lgan. Iordaniyada milliy hisob-kitoblarning qayta ko‘rib chiqilishi muhim rol o‘ynagan. Togoda esa aholi soniga oid ma’lumotlar aniqlashtirilgach, jon boshiga hisoblanadigan YMD ko‘rsatkichlarida sezilarli o‘zgarishlar yuz bergan.
Tahlillar uzoq muddatli tendensiya ijobiy yo‘nalishda shakllanayotganini ko‘rsatgan. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 1987-yildan buyon past daromadli davlatlarning global iqtisodiyotdagi ulushi qariyb 30 foizdan 11 foizgacha kamaygan.
Markaziy Osiyodagi holat
Mintaqaning besh davlati ham 2025-yilgi ko‘rsatkichlar bo‘yicha tasniflangan. Unga ko‘ra, YMD bo‘yicha eng yuqori natija 13,7 ming dollar bilan Qozog‘istonda qayd etilgan. Keyingi o‘rinlarni Turkmaniston (6,3 ming), O‘zbekiston (3,7 ming), Qirg‘iziston (2,8 ming) va Tojikiston (2,1 ming) egallagan.
Daromad guruhlari bo‘yicha mintaqa davlatlari orasida ikki xil manzara kuzatilgan. Qozog‘iston va Turkmaniston o‘rtachadan yuqori daromadli mamlakatlar guruhiga kirgan. O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston esa o‘rtachadan past daromadli mamlakatlar qatorida qolmoqda.
Markaziy Osiyo bir pog‘ona yuqoriladi: bunga 20 yil ketdi
Mintaqaning bugungi iqtisodiy holati 20 yil avvalgi vaziyat bilan solishtirilsa, yanada qiziqarli manzara yuzaga keladi. Masalan, 2005-yilda Qozog‘iston va Turkmaniston o‘rtachadan past daromadli mamlakatlar guruhida bo‘lgan. O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston esa o‘sha paytda past daromadli davlatlar safida edi.
Oradan 20 yil o‘tgach, Qozog‘iston va Turkmaniston o‘rtachadan yuqori daromadli davlatlar qatoriga qo‘shildi. O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston esa o‘rtachadan past daromadli guruhga chiqdi. Shunday qilib, 2005-yildan 2025-yilgacha bo‘lgan davrda Markaziy Osiyoning besh davlati ham Jahon banki tasnifiga ko‘ra bir pog‘ona yuqorilagan.
Qozog‘iston — mintaqaning eng yirik iqtisodiyoti
Qozog‘iston aholi jon boshiga daromaddan tashqari, iqtisodiyotning umumiy hajmi bo‘yicha ham Markaziy Osiyoda yaqqol yetakchi bo‘lib qolmoqda. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatning YIM ko‘rsatkichi 306,2 milliard dollarni tashkil etgan. Qo‘shni O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 147 milliard dollar bo‘lgan. (Joriy yil yakunida bu 167–180 milliard dollarga yetishi kutilmoqda).
Qolgan mamlakatlarda esa:
Turkmaniston — 49,8 milliard dollar;
Qirg‘iziston — 22,6 milliard dollar;
Tojikiston — 17,7 milliard dollar.
Beshala davlatning umumiy YIM miqdori taxminan 543,4 milliard dollarni tashkil etgan. Uning 56,4 foizi Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri kelgan. O‘zbekiston bilan qo‘shib hisoblaganda esa bu ikkisi umumiy YIMning 83,4 foizini yaratgan. Mazkur raqamlar Ostona hamda Toshkentning mintaqa iqtisodiyotidagi o‘rnini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston tez o‘smoqda, ammo farq qisqarmayapti
Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy tafovut, aholi jon boshiga yalpi milliy daromad nuqtayi nazaridan qaralganda, yanada jiddiyroq ko‘rinadi. 2005-yilda Qozog‘istonda aholi jon boshiga YMD 2,8 ming dollarni, O‘zbekistonda esa 520 dollarni tashkil etgan. So‘nggi 20 yil davomida Ostona bu ko‘rsatkichni 5 barobar, Toshkent esa 7 barobar oshirishga erishgan. Biroq umumiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha Qozog‘iston hanuz katta ustunlikka ega.
So‘nggi 10 yillik holatga qaralsa, biroz boshqacha manzara ko‘rinadi. 2015-yilga nisbatan aholi jon boshiga YMD Qozog‘istonda 24,5 foizga, O‘zbekistonda esa 15,8 foizga oshgan. Ba’zi mutaxassislar buni Toshkent 2017-yilda valyuta islohotini o‘tkazgani, natijada rasmiy kurs bo‘yicha dollarda hisoblangan daromad ko‘rsatkichi sun’iy ravishda pasayib ketgani bilan izohlaydi.
Ammo oxirgi besh yilda vaziyat yana o‘zgargan. 2020-yilga nisbatan aholi jon boshiga YMD Qozog‘istonda 64 foizga, O‘zbekistonda esa 75,6 foizga oshdi. Bundan kelib chiqadiki, so‘nggi besh yillik davrda O‘zbekiston Qozog‘istonga qaraganda yuqoriroq o‘sish sur’atini qayd etgan. Xususan, 2025-yilda Qozog‘iston aholi jon boshiga YMD bo‘yicha 13,6 foiz, O‘zbekiston esa 15,8 foiz o‘sishga erishgan.
Biroq bu Qozog‘iston bilan mutlaq tafovut qisqarganini anglatmaydi. Aksincha, ikki davlat o‘rtasidagi farq 2024-yildagi 8,9 ming dollardan 2025-yilda 10,1 ming dollargacha oshgan. Natijada 2025-yilda qozog‘istonliklarning aholi jon boshiga daromadi 13,7 ming dollarni, o‘zbekistonliklarniki esa 3,7 ming dollarni tashkil etgan. Ya’ni Qozog‘istondagi ko‘rsatkich O‘zbekistondagidan qariyb 3,7 barobar yuqori. Bir qarashda anglashilmovchilikdek tuyulgan bu holatni Qozog‘iston iqtisodi kattaroq bazadan o‘sayotgani, qolaversa, O‘zbekistonda aholi soni qo‘shnisiga nisbatan tezroq ko‘payib borayotgani bilan izohlash mumkin.
O‘zbekiston uchun keyingi marrа — o‘rtachadan yuqori daromadli davlatlar guruhi
Jahon banki e’lon qilgan ma’lumotlar O‘zbekiston so‘nggi yillarda sezilarli iqtisodiy o‘sishni boshdan kechirayotganini ko‘rsatadi. 20 yil ichida mamlakat aholi jon boshiga YMDni 7 barobar oshirib, past daromadli davlat maqomidan o‘rtachadan past daromadli davlatlar guruhiga ko‘tarildi.
Endi mamlakat uchun navbatdagi muhim bosqich — o‘rtachadan yuqori daromadli davlatlar guruhiga kirish. Buning uchun aholi jon boshiga YMD amaldagi 4,6 ming dollarlik chegaradan oshishi kerak. Hozirgi ko‘rsatkich esa 3,7 ming dollar.
Demak, bugungi chegaralar o‘zgarmagan taqdirda, O‘zbekiston keyingi daromad guruhiga o‘tishi uchun aholi jon boshiga YMDni yana kamida 900 dollarga oshirishi kerak. Ammo bu chegara kelgusi yillarda o‘zgarishi mumkinligini ham hisobga olish zarur. Jahon banki daromad guruhlari chegaralarini har yili xalqaro inflyatsiya asosida yangilab boradi.
Mintaqaning keyingi yo‘nalishini nima belgilaydi?
Umuman olganda, Jahon bankining 2025-yilgi ma’lumotlari Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sish davom etayotganini ko‘rsatadi. Besh davlatning barchasi so‘nggi 20 yil ichida daromad tasnifi bo‘yicha bir pog‘ona yuqorilagan.
Qozog‘iston esa ham iqtisodiyotning umumiy hajmi, ham aholi jon boshiga YMD bo‘yicha yetakchiligini saqlab qolmoqda. Mamlakat yuqori daromadli davlatlar guruhiga o‘tish chegarasiga juda yaqinlashgan. O‘zbekiston esa so‘nggi besh yil va 2025-yilning o‘zida Qozog‘istondan yuqoriroq o‘sish sur’atini qayd etgan. Shunga qaramay, ikki davlat o‘rtasidagi aholi jon boshiga YMD bo‘yicha tafovut 2025-yilda yana oshgan.
Shu bois O‘zbekiston uchun asosiy masala nafaqat iqtisodiyotning tez o‘sishi, balki aholi jon boshiga daromadning barqaror va uzoq muddatli sur’atlarda oshirilishi bo‘lib qolmoqda. Kelgusi yillarda Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi masofa qisqaradimi yoki aksincha, saqlanib qoladimi — bu, avvalo, har ikki mamlakatda daromadlar o‘sishi qanchalik barqaror bo‘lishiga bog‘liq.

