O‘zbekistonda qizamiqning og‘ir asoratiga qarshi yangi davolash usuli joriy etildi

O‘zbekistonda qizamiqning og‘ir asoratiga qarshi yangi davolash usuli yo‘lga qo‘yildi
O‘zbekistonda qizamiqning og‘ir asoratlaridan biri bo‘lgan o‘tkir osti sklerozlashgan panensefalitni (SSPE) erta aniqlash va bemorlarga ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga ko‘ra, qizamiq bilan kasallangan har 100 ming nafar bolaning 4–11 nafarida keyinchalik o‘tkir osti sklerozlashgan panensefalit rivojlanishi mumkin.
SSV videolavhasida aytilishicha, 2025-yil 3-noyabrdagi prezident qaroriga muvofiq, bolalarni maxsus dori vositalari va oziq-ovqat mahsulotlari bilan bepul taʼminlash uchun zarur mablag‘ ajratilmoqda. Tibbiyot muassasalarida esa kasallikni tashxislash va davolash imkoniyatlari kengaytirilib, buning uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
Mutaxassislar maʼlum qilishicha, nevrolog, virusolog va immunologlar ishtirokida bemorlarni davolash hamda reabilitatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Ular Bolalar milliy tibbiyot markazidan tashqari 13 ta hududda ham qo‘llanmoqda.
Shuningdek, Bolalar milliy tibbiyot markazida 2026-yil boshidan Ommaya rezervuari orqali davolash usuli joriy etilgan.
“Markazimizda dunyoda tan olingan zamonaviy davolash metodlaridan biri — Ommaya rezervuari, yaʼni bosh miya orqali dori yuborish usulini yil boshidan beri joriy qildik”, dedi markaz mutaxassisi.
Hozirda Bolalar milliy tibbiyot markazi va hududlardagi ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazlarida bemor bolalar uchun statsionar o‘rinlar tashkil etilgan va ularga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
SSVga ko‘ra, kasallikni keltirib chiqaruvchi virusni tez va aniq tashxislash bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar ham davom etmoqda. Toshkent shahri bilan birga hududlarda ham kasallikni tashxislash uchun sharoitlar yaratilgan, mutaxassislar tayyorlanmoqda.
So‘nggi bir yil davomida hududlarda birlamchi tibbiy bo‘g‘in va statsionarlarda ishlovchi shifokorlar uchun o‘quvlar tashkil etilgan. Shuningdek, Bolalar milliy tibbiyot markazi mutaxassislari telemeditsina orqali bemorlarga maslahat bermoqda.
Mutaxassislar kasallikni davolash qiyin ekanini taʼkidlab, uning oldini olishda qizamiqqa qarshi o‘z vaqtida emlanish muhimligini qayd etdi.
“Bu kasallikni davolash nihoyatda qiyin, lekin uning oldini olish juda ham oson. Shu bois ota-onalarimizni ehtiyot va hushyor bo‘lishga, bolalarni qizamiqqa qarshi o‘z vaqtida emlatishga chaqiramiz”, dedi mutaxassis.

