O‘zbekistonda norasmiy maklerlar faoliyati qonuniylashtiriladi va yagona multilisting tizimi joriy etiladi
O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida norasmiy vositachilarni qonuniylashtirish va firibgarlikning oldini olish maqsadida 'ko‘chmas mulk agenti' toifasi hamda yagona reyestr joriy etilmoqda. Ushbu mexanizmlar e’lonlarning ishonchliligini oshirib, vositachilar maqomini tekshirish imkonini beradi, dedi Davaktiv vakillari.

O‘zbekistonda norasmiy maklerlar faoliyati qonuniylashtiriladi va yagona multilisting tizimi joriy etiladi
O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozorida norasmiy vositachilar faoliyatini qonuniy yo‘lga qo‘yish, riyeltorlar va agentlar haqidagi ma’lumotlarni yagona tizimda jamlash hamda firibgarlik holatlarining oldini olish rejalashtirilmoqda. Shu maqsadda ko‘chmas mulk agenti toifasi va yagona multilisting tizimi joriy etiladi. Bu haqda 9-oktabr kuni Kontent tayyorlash markazida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda Gazeta muxbiri.
Mirjamol Mirkamalovning aytishicha, riyeltorlik faoliyati haqidagi avvalgi qonun 2010-yilda qabul qilingan bo‘lib, asosan litsenziyalash va davlat nazorati masalalarini qamrab olgan. Keyinchalik litsenziyalash talabi bekor qilingani, shuningdek, soha ishtirokchilari haqidagi ma’lumotlarning tarqoq holda bo‘lishi faoliyatni tartibga solish uchun yangi mexanizmlar ishlab chiqish zaruratini tug‘dirgan.
Agentlik tashabbusi bilan tayyorlangan yangi qonun 2026-yil 8-avgustda qabul qilindi. Unda riyeltorlik xizmatlarining turlari, soha ishtirokchilarining maqomi va ularning faoliyatini nazorat qilish tartibi aniqlashtirilgan.
Qonunning asosiy yangiliklaridan biri — ko‘chmas mulk agenti tushunchasining kiritilishidir. Avvalgi qonunchilikda malaka sertifikatiga ega riyeltor nazarda tutilgan bo‘lsa, yangi tartib norasmiy ishlab kelgan vositachilarga ham qonuniy faoliyat yuritish imkonini beradi.
Mirjamol Mirkamalovning ta’kidlashicha, ko‘chmas mulk agenti malaka sertifikatini olmasdan, mulkdor bilan shartnoma tuzgan holda axborot-maslahat va reklama xizmatlarini ko‘rsatishi mumkin. Buning uchun u yakka tartibdagi tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida faoliyat yuritishi mumkin.
“Riyeltorlik sohasida, xalq tili bilan aytganda, „qora bozor“ bor. Maklerlar faoliyatiga chek qo‘yish uchun ko‘chmas mulk agenti toifasini kiritdik”, — deydi agentlik vakili.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi toifani joriy etishdan maqsad norasmiy vositachilarni murakkab talablar qo‘yish yoki malaka imtihonlaridan o‘tkazish orqali emas, balki sodda mexanizmlar yordamida qonuniy faoliyatga jalb qilishdir.
“Qora bozordan qonuniy yo‘lga o‘tish uchun eng oson yo‘lni tanladik. Ko‘chmas mulk agentlarini malaka imtihonlaridan o‘tkazish yoki ularga murakkab talablar qo‘yishni rejalashtirmayapmiz”, — deydi Mirjamol Mirkamalov.
Agentlik vakili bu tartib, ayniqsa, internet orqali ko‘chmas mulk qidirayotgan fuqarolarni himoya qilish uchun muhimligini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, OLX va Telegram kanallaridagi e’lonlar orqali fuqarolarning maklerlar bilan bog‘liq firibgarlik holatlariga duch kelishi kuzatiladi.
Yangi qonun bilan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi zimmasiga riyeltorlik sohasidagi yagona reyestrni yuritish vazifasi yuklatilmoqda. Unda malaka sertifikatiga ega riyeltorlar, riyeltorlik tashkilotlari, ko‘chmas mulk agentlari va sohadagi jamoat birlashmalari haqidagi ma’lumotlar jamlanadi.
Mirjamol Mirkamalovning aytishicha, avval ham riyeltorlar va tashkilotlar haqida ma’lumotlar mavjud bo‘lgan, biroq ular to‘liq emasdi. Litsenziyalash bekor qilinganidan keyin tashkilotlar haqidagi ma’lumotlar tarqoq holga kelgan, ayrim jamoat birlashmalari esa o‘z rasmiy saytlarida soha ishtirokchilari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘liq joylashtirmagan.
Yagona reyestr fuqarolarga ko‘chmas mulkni sotish yoki sotib olishda xizmat taklif qilayotgan mutaxassis va tashkilotlarning maqomini tekshirish imkonini beradi.
Qonun bilan soha ustidan davlat nazoratining bir qismini jamoat birlashmalariga o‘tkazish ham nazarda tutilgan. Riyeltorlarga malaka sertifikatlarini berish vakolati agentlikdan tegishli jamoat birlashmalariga o‘tkaziladi. Riyeltorlik tashkilotlari esa o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun sohadagi jamoat birlashmalaridan biriga majburiy a’zo bo‘lishi kerak.
Qonun doirasida respublikada yagona multilisting tizimini joriy etish ham rejalashtirilgan.
Sohibjon Murodovning tushuntirishicha, elektron platforma ko‘chmas mulk obyektlari va ular bilan ishlayotgan qonuniy mutaxassislar haqidagi ma’lumotlarni birlashtiradi.
Tizim orqali ko‘chmas mulk haqidagi ma’lumotlarni jamlash, e’lonlarning ishonchliligini oshirish va vositachining qonuniy maqomini tekshirish imkoni yaratiladi.
Masalan, agent mulkdor bilan tuzilgan shartnoma asosida obyekt haqidagi e’lonni OLX yoki boshqa internet platformasida joylashtirsa, multilisting tizimi bilan integratsiya orqali uning qonuniy maqomi haqidagi ma’lumot e’londa avtomatik ko‘rsatilishi mumkin.
Buning uchun agentlik internet platformalariga ma’lumotlarni olish imkonini beruvchi ochiq axborot kanalini taqdim etishni rejalashtirmoqda. Xususiy e’lon platformalarini tizimga ulanishga majburlash imkoni bo‘lmasa-da, ularga ma’lumotlarni integratsiya qilish sharoiti yaratiladi.
“Multilisting tizimi joriy etilganda, ko‘chmas mulk obyektlari va ularning haqiqiy egalari haqidagi ma’lumotlar bazasi yaratiladi. Undan respublika bo‘ylab fuqarolar, mulkdorlar va riyeltorlar sutka davomida ochiq foydalanishi mumkin bo‘ladi”, — deydi Sohibjon Murodov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tizimning texnik shartlarida boshqa internet platformalari bilan integratsiya qilish mexanizmi ham nazarda tutilgan. Bu esa fuqarolarga e’lon joylashtirgan shaxsning maqomini tekshirish va ishonchli ma’lumotlar asosida qaror qabul qilishda yordam berishi kutilmoqda.
Yangi qonunda riyeltorlik xizmatlarining to‘rtta asosiy turi belgilab berilgan: ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlarda vositachilik qilish; axborot-maslahat xizmatlarini ko‘rsatish va reklama qilish; auksion savdolarini tashkil etish va o‘tkazish; ko‘chmas mulkni ishonchli boshqarish.
Agentlik vakillari ishonchli boshqarish xizmatining alohida yo‘nalish sifatida belgilanishi ko‘chmas mulk bozoridagi xizmatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishga xizmat qilishini qayd etdi.
Shu bilan birga, riyeltorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun litsenziya olish talabi avvalroq bekor qilingan. Yangi qonun esa soha ishtirokchilarining maqomini belgilash, ular haqidagi ma’lumotlarni tizimlashtirish va faoliyatni nazorat qilish mexanizmlarini aniqlashtiradi.
Matbuot anjumanida yangi qonunning soliq majburiyatlari va ko‘chmas mulk xizmatlari narxiga ta’siri haqida ham savol berildi.
Mirjamol Mirkamalovning aytishicha, ko‘chmas mulk agentlari yakka tartibdagi tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida faoliyat yuritishi mumkin. U yangi tartiblar ko‘chmas mulk narxlariga ta’sir qilmasligini bildirdi.
Agentlik vakillari, shuningdek, qonunni amalga oshirish uchun tegishli me’yoriy-huquqiy hujjatlar ham ishlab chiqilganini bildirdi. Qonun 2026-yil 8-noyabrdan kuchga kiradi.

