Mahalliy

O‘zbekistonda narkojinoyatlar orqali olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi yangi choralar taklif qilindi

O‘zbekistonda giyohvandlik jinoyatlari orqali topilgan pullarni qonuniylashtirishga qarshi kurashish uchun yangi choralar taklif etilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 11-avgustdagi majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan “Narkotiklar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar to‘g‘risida”gi qonun loyihasida aytilgan.

Ushbu hujjat narkotik va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasini samarali tartibga solish, giyohvandlik va narkojinoyatlarning oldini olish, aholi salomatligini himoya qilish hamda bu borada davlat organlari hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan.

Qonun loyihasi narkotiklar, kuchli ta’sir qiluvchi moddalar va prekursorlar muomalasini, shuningdek, giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish sohasini kompleks tartibga solishni nazarda tutadi. Hujjatda “narkotiklar”, “narkojinoyat”, “narkovaziyat”, “giyohvandlikka qarshi kurashish”, “narkojinoyatlarga qarshi kurashish” va “g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya” kabi tushunchalarga huquqiy ta’rif berish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, narkotiklar, kuchli ta’sir qiluvchi moddalar va prekursorlar muomalasini nazorat qilish hamda giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish sohasida davlat organlari va tashkilotlarining vakolatlarini aniqlashtirish taklif qilinmoqda. Bu yo‘nalishdagi davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasining Narkotiklar ustidan nazorat qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Qonun loyihasida narkojinoyatlarning yangi, xususan, internet orqali sodir etilayotgan usullariga qarshi kurashish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Mas’ul davlat organlariga noqonuniy narkolaboratoriyalarni aniqlash va ularning faoliyatiga chek qo‘yish, narkotiklarning noqonuniy muomalasi kanallarini bartaraf etish bo‘yicha tezkor-qidiruv va boshqa choralarni amalga oshirish yuzasidan aniq vazifalar yuklatilmoqda.

Hujjatda narkotiklar muomalasini nazorat qilish bilan bir qatorda giyohvandlikning oldini olishga qaratilgan profilaktika choralarini kuchaytirish ham ko‘zda tutilgan. Jumladan, aholi, ayniqsa yoshlar va xotin-qizlarda giyohvandlikka qarshi immunitetni shakllantirish, ta’lim muassasalarida narkotiklar tarqalishining oldini olish, narkologik yordam, profilaktika, diagnostika, davolash va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya tizimini takomillashtirish bo‘yicha vazifalar belgilanmoqda.

Bundan tashqari, narkojinoyatlardan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi yangi mexanizmlarni joriy etish taklif qilinmoqda. Xususan, narkojinoyat sodir etgan yoki narkojinoyatlar natijasida olingan daromadlarni legallashtirish maqsadida moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirgan yuridik shaxsni sud qaroriga asosan tugatish mumkinligi belgilanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 11-iyun kuni O‘zbekistondagi ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, narkotiklar bilan bog‘liq jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirilgani haqida xabar berilgandi. Qonun bilan yashirin narkolaboratoriya yoki bangixona tashkil etish, narkojinoyatlarga homiylik qilish, narkotiklarni transmilliy usulda yoki internet yordamida tarqatganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.