O‘zbekistonda MCHJlar soni 356,8 mingtaga yetdi

O‘zbekistonda MCHJlar soni 356,8 mingtaga yetdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-avgust holatiga O‘zbekistonda 445,7 mingta tijorat tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Shulardan 356,8 mingtasi mas’uliyati cheklangan jamiyatlar (MCHJ) hissasiga to‘g‘ri keladi.
MCHJlar jami tijorat tashkilotlarining 80,1 foizini tashkil etadi. Tashkiliy-huquqiy shakllar kesimida ikkinchi o‘rinda 47 241 ta bilan xususiy korxonalar turibdi, bu 10,6 foizga teng. Oilaviy korxonalar esa 37 345 ta bo‘lib, ularning ulushi 8,4 foizni tashkil etgan.
Bundan tashqari, mamlakatda 646 ta aksiyadorlik jamiyati (0,1 foiz) hamda boshqa tashkiliy-huquqiy shakldagi 3 653 ta tijorat tashkiloti (0,8 foiz) faoliyat yuritmoqda.
2025-yil 1-avgust holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 462,2 mingta korxona va tashkilotlar faoliyat ko‘rsatayotgani (2024-yil mos davrida 461,1 mingta) xabar berilgandi. Shundan qariyb 392,4 mingtasi (84,9 foiz) kichik korxona va mikrofirmalar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Savdo tarmog‘ining jami korxonalar sonidagi ulushi eng yuqori bo‘lib, umumiy hisobda 32,6 foizni tashkil etgan. Ikkinchi o‘rinda sanoat (12,7 foiz), uchinchi o‘rinda esa qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi (7,4 foiz) qayd etilgan.

