Mahalliy

O‘zbekistonda Markaziy Osiyoda eng yirik bo‘lgan energetika obyektlari ishga tushirildi

Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan umumiy quvvati 2 423 MVt bo‘lgan elektr stansiyalari ishga tushirildi

O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida mamlakatda umumiy quvvati 2 423 MVt bo‘lgan bir qator yirik energetika obyektlari ishga tushirildi. Bu loyihalarning umumiy qiymati 1,7 milliard dollarni tashkil etadi va ular Markaziy Osiyodagi eng yirik energetika inshootlari hisoblanadi.

Xususan, Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida 1 573 MVt quvvatga ega issiqlik elektr stansiyasi foydalanishga topshirildi. Ushbu stansiya yiliga 13 milliard kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega. Uning foydali ish koeffitsiyenti 61,7 foizni tashkil etib, bu yiliga 1,1 milliard kub metr tabiiy gazni tejash imkonini beradi. Umumiy qiymati 900 million dollar bo‘lgan bu loyiha to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisobidan, Fransiya ("EDF"), Qatar ("Nebras Power"), Yaponiya ("Sojitz Corporation" va "Kyuden International") kompaniyalari konsorsiumi hamkorligida amalga oshirildi. Qurilish davrida 3 000 ta ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, stansiya ishga tushirilgandan so‘ng 120 ta doimiy ish o‘rni tashkil etildi.

Navoiy viloyatining Nurota tumanida esa 300 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi va 150 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi ishga tushirildi. Qiymati 390 million dollar bo‘lgan bu loyiha Xitoyning "China Energy Overseas Investment" kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi va 30 ta doimiy ish o‘rni yaratdi. Loyiha doirasida yiliga 657 million kVt·soat "yashil" energiya ishlab chiqariladi, bu 273 ming xonadonning bir yillik iste’moliga teng. Shuningdek, 175 million kub metr tabiiy gaz tejalishi va atmosferaga 377 ming tonna zararli moddalar chiqishining oldi olinishi kutilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak tumanida ham 200 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasi va 100 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi ishga tushirildi. Loyihaning qiymati 263 million dollar bo‘lib, Saudiya Arabistonining "ACWA" kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Bu loyiha natijasida yiliga 701 million kVt·soat "yashil" energiya ishlab chiqariladi, bu 292 ming xonadonning bir yillik iste’moliga teng. Shuningdek, 187 million kub metr tabiiy gaz tejaladi va atmosferaga 403 ming tonna zararli moddalar chiqishining oldi olinadi. Loyiha doirasida 25 ta doimiy ish o‘rni yaratildi.

Namangan viloyatining Uychi tumanida esa 100 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi ishga tushirildi. Qiymati 110 million dollar bo‘lgan ushbu loyiha Xitoyning "China Energy Overseas Investment Co., Ltd" kompaniyasi tomonidan amalga oshirildi. Loyiha elektr energiyasini kuniga ikki marta, har safar 2 soatdan, 100 MVt (200 MVt·soat) quvvatda zaxiralash va elektr tarmog‘idagi yuklama yuqori bo‘lgan vaqtlarda tizim barqarorligini ta’minlash imkoniyatini yaratdi. Loyiha ishga tushgandan so‘ng 30 ta doimiy ish o‘rni yaratildi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.