O‘zbekistonda maktab taʼlimi: 35 yilda nimalar o‘zgardi?

**O‘zbekistonda maktab taʼlimi: 35 yilda nimalar o‘zgardi?**
O‘zbekiston sobiq Sovet ittifoqidan mustaqil bo‘lganiga 35 yil bo‘ldi. Shu davr mobaynida boshqa sohalar qatori taʼlim tizimida ham bir qator yangiliklar amalga oshirildi. Maktablar barpo etildi, taʼlim mazmuni va sifatini yaxshilashga qaratilgan yangi dasturlar joriy qilindi. Shunga qaramay, bir savol hanuz ochiq qolmoqda: o‘quvchilar olayotgan taʼlim sifati real hayot talablariga qay darajada mos? Mustaqillik arafasidagi va bugungi maktablar o‘rtasidagi farq nimada?
### Maktablar va o‘quvchilar sonidagi farqlar
Respublikada 35 yil ichida aholi soni oshgani sayin maktablar va o‘quvchilar soni ham ko‘paydi. Masalan, 1990-1991-yillarda O‘zbekistonda 8,5 mingta maktab faoliyat yuritgan. Ularda jami 4,7 million o‘quvchi tahsil olgan.
2026-yil boshiga kelib mamlakatdagi jami maktablar soni 10 193 taga yetdi. Bu o‘tgan 35 yillik davrning har bir yilida o‘rtacha 48 ta maktab qurilganini bildiradi. Hozirda maktab o‘quvchilari soni 6,4 million nafarni tashkil etmoqda. Mustaqillik davrida o‘quvchilar soni 1,7 million nafarga oshgan bo‘lsa, yiliga o‘rtacha 48,5 ming nafardan ko‘payib borgan.
Aholining tez sur’atlarda o‘sishi fonida yangi maktablar qurilishi o‘quvchilar soni ortishidan ortda qolayotganini taxmin qilish mumkin. Chunki 1990-1991-yillarda jami o‘quvchilarning 1,2 million nafari yoki 26,1 foizi ikki va uch smenada o‘qigan. Bugun esa 60 foizdan ortiq bolalar ikki smenada taʼlim olmoqda. Mamlakatdagi maktablarda besh milliondan ziyod o‘quvchi o‘rni mavjud. Yaʼni bir milliondan ortiq o‘quvchi uchun joy yetishmaydi.
### Siyosatning taʼlimga taʼsiri
Sovet davridagi O‘zbekiston taʼlim tizimining hozirgidan tub farq qiladigan jihati shundaki, avval tizim kommunistik mafkura asosida ishlagan. O‘quv dasturlariga siyosiy g‘oyalar singdirilgan, xususan tarix, siyosatshunoslik, adabiyot fanlarida sovet ideologiyasi yetakchi o‘rin egallagan.
Mustaqillikdan keyin davlat boshqaruvida muayyan o‘zgarishlar yuz berdi. Tabiiyki, bu jarayon taʼlimga ham taʼsir ko‘rsatdi. Tizimni rivojlantirish bo‘yicha yangi dasturlar ishlab chiqildi, darsliklar yangilanib bordi.
### Taʼlim bosqichlaridagi o‘zgarishlar
Mustaqillikdan avvalgi bir necha o‘n yilliklarda maktab taʼlimi 7, 8 va 10 yilni tashkil etgan. 1992-yil 2-iyulda “Taʼlim to‘g‘risidagi” qonun qabul qilindi. Hujjatga ko‘ra, umumiy o‘rta taʼlim uch bosqichdan iborat etib belgilandi: boshlang‘ich taʼlim 1-4 sinflar, tayanch taʼlim 5-9-sinflar, o‘rta taʼlim 10-11 sinflar.
1997-yilda qabul qilingan “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” asosida to‘qqiz yillik umumiy o‘rta hamda uch yillik o‘rta maxsus kasb-hunar taʼlimi joriy etildi. Dasturga binoan taʼlim quyidagi turlarga ajratildi: maktabgacha taʼlim; umumiy o‘rta taʼlim; o‘rta maxsus, kasb-hunar taʼlimi; oliy taʼlim; oliy o‘quv yurtidan keyingi taʼlim; kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash; maktabdan tashqari taʼlim.
Dasturda qayd etilishicha, 1997-yilgacha mamlakatdagi o‘quv jarayoni bilim darajasi o‘rtacha bo‘lgan o‘quvchilarga mo‘ljallangan edi. Shuningdek, 1997-yilda ham o‘quv dasturlari sovet mafkuraviy sarqitlaridan to‘liq xoli emasligi taʼkidlangan.
2017/18-o‘quv yilidan boshlab 11 yillik majburiy umumiy o‘rta taʼlim tizimi qayta tiklandi. Bu tashabbus jamoatchilik, ota-onalar va 9-sinflar bitiruvchilari tomonidan keng qo‘llab-quvvatlangani aytilgan.
2019-yildan respublikada yangi turdagi prezident va ixtisoslashtirilgan maktablar ochila boshladi. 3 120 ta ixtisoslashtirilgan maktablar ochildi. Shu tariqa oddiy umumtaʼlim maktablari bilan birga bilimi va qobiliyati nisbatan kuchli yoshlarni alohida tarbiyalashga asoslangan taʼlim muassasalari ham paydo bo‘ldi. O‘z navbatida xususiy maktablar faoliyati ham kengaydi.
Hozirda 40 foizdan ortiq maktablar avvalgidek bo‘rda yoziladigan doskalar bilan emas, balki elektron doskalar bilan taʼminlangan. Ko‘plab sinfxonalar kompyuterlar bilan jihozlangan, raqamli taʼlim ham rivojlanish bosqichida.
### Darsliklar soni ortdi
Mustaqillikning ilk yillari — 1991–1995-yillarda O‘zbekistonda 164 nomdagi maktab darsliklari nashr qilingan. Jumladan, 44 nomdagi mutlaqo yangi darslik, 21 nomdagi muqobil darsliklar yaratilgan.
2023-yilga kelib, mamlakatda ilg‘or xorijiy tajribalar asosida boshlang‘ich sinflar uchun 775 nomda yaratilgan yangi avlod darslik majmualari 72 million nusxada chop etila boshlangan. Darsliklarga qo‘shimcha ravishda o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanmalar va multimedia ilovalari ham yaratilgan. O‘zbekiston maktab taʼlimida ilk bor xorijdan eng yaxshi o‘quv adabiyotlarini maktablar uchun moslashtirish amaliyoti ham yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, 2023/24-yildan boshlab o‘quvchilar 1-11-sinflarda ingliz tili darsliklari va metodikasi bo‘yicha o‘qitila boshlangan. USAID xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshirilgan loyiha doirasida jami 46 nomdagi o‘quv adabiyotlari O‘zbekistonga moslashtirilgan, tarjima qilingan va tajriba-sinovdan o‘tkazilgan.
### Avvalgi va hozirgi maktab vazirlari
O‘tgan 35 yil davomida xalq taʼlimi tizimini o‘ndan ortiq vazir boshqargan. Ular orasida lavozimida eng uzoq qolgan shaxs Jo‘ra Yo‘ldoshev bo‘lgan. Jo‘ra Yo‘ldoshev tizimga 1991-yildan 2000-yilgacha, yaʼni to‘qqiz yil rahbarlik qilgan. Boshqa vazirlar asosan uch yildan besh yilgacha, ayrimlari esa bir yil mazkur lavozimda ishlagan.
Jo‘ra Yo‘ldoshevdan keyingi xalq taʼlimi vaziri Risoboy Jo‘rayev bo‘lgan (2000-yil 11-avgust — 2004-yil 7-may).
Uchinchi vazir Turopjon Jo‘rayev hisoblanib, tizimni 2004-yil 7-maydan 2008-yil 26-martgacha boshqargan. Qolgan vazirlar va ularning boshqaruv yillari quyidagicha:
G‘ayrat Shoumarov, 2008-yil 28-aprel — 2010-yil 26-fevral;
Avazjon Marahimov, 2010-yil 2-mart — 2011-yil 30-iyun;
Temur Shirinov, 2011-yil 4-iyul — 2013-yil 7-fevral;
Ulug‘bek Inoyatov, 2013-yil 7-fevral — 2018-yil 20-iyun;
Sherzod Shermatov, 2018-yil 20-iyun — 2021-yil 17-noyabr;
Baxtiyor Saidov, 2021-yil 17-noyabr — 2022-yil 30-dekabr;
Hilola Umarova, 2022-yil 30-dekabr — 2025-yil 14-iyul.
Hozirda vazirlik nomi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bo‘lib, tizimni Eʼzoza Karimova 2025-yil 14-iyuldan beri boshqarib kelmoqda.
### Taʼlim sifati dolzarbligicha qolgan
35 yil davomida tizimda qator o‘zgarishlar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, barcha bolalarga sifatli taʼlim berilmoqda, deb aytish hali erta. Buni oliygohga kirish uchun o‘ziga o‘qitilgan darsliklarni qayta-qayta yodlash maqsadida repetitorga qatnayotgan, PISA imtihonidan past baho olgan yoki universitetga kirish uchun minimal ball ham to‘play olmagan bolalar ulushi ko‘pligidan ham anglash mumkin. Yaʼni maktabdagi taʼlim yetarli darajada o‘zlashtirilmayotgani aytiladi.
Shuningdek, sifatli taʼlim beradigan professional pedagoglar ham yetarli emas. Masalan, 2022-yil yanvardagi yig‘ilishda prezident 504 ming pedagogdan 12 foizi o‘rta maxsus maʼlumotli, 38 foizida esa umuman malaka toifasi yo‘qligini aytgandi.
2026-yil I yarmida O‘zbekistonda o‘rtacha nominal oylik ish haqi 7,1 million so‘mga yetdi. Biroq taʼlim sohasi vakillarining o‘rtacha maoshi 5 million so‘mga ham yetmagan. Yaʼni aksariyat o‘qituvchilarning oyligi hanuz respublikadagi o‘rtacha ish haqidan past. Tabiiyki, soha rivoji va yoshlarni taʼlim bo‘yicha yetuk kadr sifatida shakllantirishda moddiy manfaatning ham o‘z o‘rni bor.
O‘zbekistonda 2030-yilgacha taʼlim sifatini tubdan oshirish maqsad qilingan. Xususan, mamlakatni PISA xalqaro baholash dasturida dunyoning eng yaxshi 30 ta davlati qatoriga kiritish vazifasi belgilangan. Taʼlim tizimida infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha ham katta rejalar mavjud. Misol uchun, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida 2030-yilgacha umumiy o‘rta taʼlim maktablarining elektron doskalar bilan taʼminlanishini 100 foizga yetkazish, oliy maʼlumotli pedagoglar ulushini 99 foizga chiqarish maqsad qilingan.

