Mahalliy

O‘zbekistonda kriptoaktivlar xizmatlari provayderlari uchun yangi nazorat talablari joriy etilishi mumkin

O‘zbekistonda kriptoaktiv xizmatlari provayderlari uchun yangi nazorat talablari joriy etilishi mumkin. Bu haqda 12-avgust kuni jamoatchilik muhokamasiga chiqarilgan tegishli hujjat loyihasida so‘z boradi.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan ishlab chiqilgan ushbu loyiha kriptoaktivlar sohasida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazoratni takomillashtirishga qaratilgan.

**Kriptoaktivlar bilan bog‘liq shaxslar tushunchasi o‘zgartiriladi**

Loyihada amaldagi hujjatlarda qo‘llanadigan “kriptoaktivlar muomalasi sohasidagi faoliyatni amalga oshiruvchi shaxslar” atamasini “kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari” tushunchasi bilan almashtirish taklif etilmoqda. Xizmatlar provayderi kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun belgilangan tartibda litsenziya olgan shaxs sifatida belgilanadi.

Shuningdek, qoidalarga “uchinchi tomon” tushunchasini kiritish taklif qilinmoqda. Unga ko‘ra, uchinchi tomon O‘zbekiston yoki xorijiy davlat vakolatli organlari tomonidan taqdim etilgan shaxsga doir ma’lumotlarning haqiqiyligini tasdiqlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilot hisoblanadi.

**Mas’ul xodim tayinlanishi majburiy bo‘ladi**

Loyihaga ko‘ra, xizmatlar provayderi litsenziya olganidan keyin bir oy ichida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi ichki nazorat uchun mas’ul xodim tayinlashi kerak bo‘ladi. Mas’ul xodim provayder rahbarining o‘rinbosarlari orasidan tayinlanadi. Uning familiyasi, ismi, otasining ismi va JSHSHIRi Agentlikka yuborilishi lozim.

Mas’ul xodim o‘zgargan taqdirda esa bu haqda yangi xodim tayinlangan ish kunidan kechiktirmay xabar berish talab etiladi. Shuningdek, xizmatlar provayderlari har yili 10-yanvargacha mas’ul xodimi va ichki nazorat qoidalari talablarining bajarilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Agentlikka taqdim etishi kerak bo‘ladi.

**Ayrim shaxslarning rahbar bo‘lishi va ustav kapitalida ishtirok etishi taqiqlanadi**

Hujjat loyihasida xizmatlar provayderlari rahbari va mas’ul xodimiga qo‘yiladigan talablar ham belgilanmoqda. Jumladan, terroristik faoliyatda yoki ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishda ishtirok etgan yoki bunda gumon qilinayotgan, shuningdek iqtisodiy jinoyatlar, korrupsiya, giyohvand moddalar noqonuniy savdosi, axborot texnologiyalari bilan bog‘liq jinoyatlar va boshqa tegishli jinoyatlar uchun sudlanganligi tugallanmagan yoki olib tashlanmagan shaxslarni rahbar lavozimiga tayinlash mumkin bo‘lmaydi.

Shuningdek, xalqaro hamkorlikda ishtirok etmayotgan davlatlarda doimiy yashaydigan, bo‘lib turgan yoki ro‘yxatdan o‘tgan shaxslarning xizmatlar provayderlari rahbari bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bunday shaxslarning, shuningdek tegishli davlatlarda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalarning xizmatlar provayderlari ustav jamg‘armasida ishtirok etishi ham taqiqlanishi taklif etilmoqda.

**Kripto-hamyonlar bilan bog‘liq shubhali operatsiyalar mezonlari kengaytiriladi**

Loyihaning asosiy qismlaridan biri shubhali operatsiyalarni aniqlash mezonlarini belgilashga bag‘ishlangan. Unga ko‘ra, hujjatlarning haqiqiyligiga shubha tug‘ilishi, operatsiyaning aniq iqtisodiy mohiyatga ega emasligi, mijozning zarur ma’lumotlarni taqdim etishdan asossiz bosh tortishi yoki identifikatsiyalashni yakunlashning imkoni bo‘lmasligi shubhali operatsiya belgisi sifatida baholanishi mumkin.

Bundan tashqari, kriptoaktivlar:

* offshor hududlarda yashovchi yoki ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar foydasiga o‘tkazilishi;

* bir xil miqdorlarda muntazam ravishda turli kripto-hamyonlarga yuborilishi;

* qisqa vaqt ichida bir necha marta almashtirilishi;

* 24 soat ichida ko‘plab yirik bitimlarda ishlatilishi;

* yangi ochilgan yoki uzoq vaqt foydalanilmagan hamyonlardan katta miqdorda harakatlantirilishi;

* xususiy yoki anonim kripto-hamyonlarga o‘tkazilishi ham shubhali operatsiya sifatida ko‘rib chiqilishi mumkin.

Shuningdek, ilgari jinoiy maqsadlarda foydalanilgan kripto-hamyonlardan aktivlarni qabul qilish, mijozning odatiy aylanmasiga mos kelmaydigan katta miqdordagi kriptoaktivlarni hamyonga kiritish, kripto-aktivlarni yuqori komissiya yoki noqulay kursda valyutaga almashtirish ham shubhali alomatlar qatoriga kiritilmoqda.

**IP-manzil va kripto-hamyonlar ham nazorat qilinadi**

Loyihada mijozlarning texnologik xatti-harakatlari ham hisobga olinishi nazarda tutilgan. Xususan, IP-manzilni yashiruvchi va maxfiylikni ta’minlovchi dasturlardan muntazam foydalanish, bir IP-manzildan ko‘p miqdorda kripto-hamyon ochish, elektron pochta manzili, IP-manzil, domen yoki kripto-hamyon egasi haqidagi identifikatsiya ma’lumotlarini tez-tez o‘zgartirish shubhali operatsiya mezonlari sifatida belgilanmoqda.

Yangi chiqarilgan kriptoaktiv qiymatining tez o‘sishi, uning faqat bitta kripto-birja yoki platforma doirasida faol aylanishi, narxlarni manipulyatsiya qilish belgilari mavjudligi ham nazoratga olinishi mumkin. Bundan tashqari, yangi emissiya qilingan kriptoaktivning “White paper” deklaratsiyasi mavjud emasligi yoki undagi ma’lumotlarning haqiqatga mos kelmasligi ham shubhali holat sifatida baholanadi.

**Yangi texnologiyalar bo‘yicha tavakkalchilik baholanadi**

Xizmatlar provayderlariga yangi yoki rivojlanayotgan texnologiyalardan foydalanish bilan bog‘liq tavakkalchiliklarni oldindan aniqlash va baholash majburiyatini yuklash taklif qilinmoqda. Bunday baholash tegishli texnologiyalardan foydalanish boshlanishidan oldin amalga oshirilishi kerak.

Shuningdek, xizmatlar provayderlari mijozning faoliyati, mulkchilik va boshqaruv tuzilmasini tushunishi, mijozni ishonchli manbalar va hujjatlar asosida identifikatsiya hamda verifikatsiya qilishi lozim bo‘ladi. Mijozni lozim darajada tekshirish va identifikatsiyalash natijasida olingan ma’lumotlarni kamida yiliga bir marta yangilab borish ham nazarda tutilmoqda.

**Shubhali operatsiyalar haqida keyingi ish kunidan kechiktirmay xabar beriladi**

Loyihaga ko‘ra, xizmatlar provayderi shubhali operatsiya aniqlangan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay bu haqda maxsus vakolatli davlat organiga xabar berishi kerak. Xabarlar axborotni kriptografik himoyalash vositalari mavjud bo‘lgan elektron tizimlar, himoyalangan maxsus elektron pochta yoki maxsus vakolatli davlat organining shubhali operatsiyalar to‘g‘risidagi xabarlarni qabul qilish tizimidagi shaxsiy kabinet orqali yuborilishi mumkin.

Shuningdek, operatsiyaning shubhali ekanini tasdiqlovchi yoki buni istisno qiluvchi har qanday ma’lumot haqida ham darhol xabar berish talabi kiritilmoqda. Ro‘yxatga kiritilgan shaxsning operatsiyasi to‘xtatilgan yoki kripto-aktivlari bloklangan taqdirda esa mas’ul xodim unga bu haqda imkon qadar qisqa muddatda xabar berishi va operatsiyani tiklash tartibini tushuntirishi kerak bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 15-aprel kuni barqaror tokenlar aylanmasini tartibga solishning maxsus huquqiy rejimini taqdim etish tartibi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandi. Hujjatga muvofiq, endilikda mamlakat hududida barqaror tokenlardan to‘lov vositasi sifatida foydalanish imkoniyati yaratiladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.