O‘zbekistonda investitsiyalar hajmi 584,2 trln so‘mga yetdi
2026-yilning dastlabki 9 oyida mamlakatga eng ko‘p investitsiyalar qaysi manbalar hisobidan o‘zlashtirilgani ma’lum qilindi

O‘zbekistonda investitsiyalar hajmi 584,2 trln so‘mga yetdi
2026-yil yanvar–sentyabr oylarida O‘zbekistonda barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan asosiy kapitalga 584,2 trln so‘mlik investitsiyalar o‘zlashtirildi. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning shu davriga nisbatan 20,1 foizga yuqori.
Eng yirik ulush xorijiy investitsiyalar va kafolatlanmagan xorijiy kreditlar hissasiga to‘g‘ri keldi. Ushbu manbalar hisobidan 371,7 trln so‘mlik investitsiya o‘zlashtirilgan bo‘lib, bu umumiy hajmning 63,6 foizini tashkil etadi.
Aholi mablag‘lari hisobidan 71,6 trln so‘m, korxonalar mablag‘lari hisobidan esa 67,8 trln so‘m investitsiya o‘zlashtirilgan. Ularning umumiy hajmdagi ulushi mos ravishda 12,3 va 11,6 foizga teng.
O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostidagi xorijiy kreditlar 36,3 trln so‘mni tashkil etgan. Respublika budjeti hisobidan 25,4 trln so‘mlik investitsiyalar moliyalashtirilgan.
Tijorat banklari kreditlari va boshqa qarz mablag‘lari ulushi 7,4 trln so‘mni tashkil etgan. Shuningdek, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 3,9 trln so‘mlik investitsiyalar o‘zlashtirilgan.

